Jahon | 09:40
1247
4 daqiqa o‘qiladi

Livan: “Hizbulloh” ortida Eron korpusi turibdi

Livan bosh vaziri Navof Salomning aytishicha, Isroil bilan urush davomida Livandagi harakat “Hizbulloh”ga Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) a’zolari rahbarlik qilmoqda.

Navof Salom Foto: Emilie Madi/REUTERS

“Hizbulloh” Isroilga qarshi urush davomida Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) a’zolari nazorati ostida harakat qilmoqda. Bu haqda Livan bosh vaziri Navof Salom 22 mart, yakshanba kuni kechqurun Saudiyaning Al Hadath telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“IIMK bu yerda mavjud va afsuski, Livanda harbiy operatsiyalarga rahbarlik qilmoqda. Bu shaxslar soxta pasportlar bilan mamlakatga noqonuniy kirib kelgan”, — dedi Salom.

Livan bosh vaziri, shuningdek, mart oyi boshida Kiprdagi Britaniyaning Akrotiri harbiy bazasiga Eronda ishlab chiqarilgan dronlar orqali amalga oshirilgan hujum uchun ham IIMKni javobgar deb hisoblashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu uchuvchisiz apparatlar aynan IIMK a’zolari tomonidan uchirilgan.

Bundan avval Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan Kipr rasmiylari mazkur dron Erondan emas, balki Livandan “Hizbulloh” guruhi tomonidan uchirilganini ma’lum qilgan edi.

Navof Salom intervyu davomida “Hizbulloh”ni Livanni urushga tortishda ham aybladi. Uning aytishicha, bu harakat Isroilga raketalar uchirib, mamlakatni mojaroga jalb qilgan.

“Aytilishicha, bu urush Ali Xominaiyning o‘limi uchun qasos sifatida boshlangan. Bu esa urush bizga majburan yuklanganini anglatadi”, — dedi Livan bosh vaziri.

2 mart kuni Livan hukumati mamlakatda IIMKning har qanday faoliyatini taqiqlash haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, Bayrut “Hizbulloh” a’zolarini qurollarni ixtiyoriy ravishda davlatga topshirishga chaqirdi.

“Biz qabul qilingan qarorlarga amal qilmoqdamiz va ularni hayotga tatbiq etish ustida ishlayapmiz”, — dedi Salom bu boradagi savolga javoban.

Shu kunning o‘zida Isroil harbiylari Livan janubini mamlakat markazi bilan bog‘lovchi va mintaqadagi eng muhim ko‘priklardan biri bo‘lgan Litani daryosi ustidagi ko‘prikni yo‘q qildi. Bu Isroil va Livan o‘rtasidagi ziddiyatning yana bir keskinlashuvi sifatida baholanmoqda.

Bir necha soat avval Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Isroil mudofaa armiyasiga (TSAHAL) Livan janubiy chegarasi yaqinidagi uylarni buzish ishlarini tezlashtirish va Litani daryosi ustidagi barcha ko‘priklarni yo‘q qilish vazifasi yuklatilganini ma’lum qildi. Bu orqali “Hizbulloh”ga qurol yetkazib berish yo‘llarini to‘sish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida, TSAHAL bosh shtabi rahbari Eyal Zamir “Hizbulloh”ga qarshi quruqlik operatsiyasi ko‘lamini kengaytirish rejasi borligini bildirdi.

Reuters agentligining ma’lum qilishicha, so‘nggi o‘n kun ichida Isroil Livan janubida bir qator ko‘priklarni yo‘q qilgan. Chegaraga yaqin qishloqlardagi uylarni buzish esa, Israel Katsning ta’kidlashicha, Isroil aholisini himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan u G‘azo sektorida amalga oshirilgan shunga o‘xshash harakatlarni misol qilib keltirdi — u yerda binolarni buzish orqali bufer zona yaratilgan.

Fuqarolik infratuzilmasining vayron qilinishi Isroil hujumlarining keskin kuchayganini anglatadi, deb qayd etadi Reuters.

Livan prezidenti Jozef Aun Isroil harakatlarini qoraladi, inson huquqlari tashkiloti Human Righs Watch esa Livan janubida uylarni buzishni “harbiy jinoyat” deb baholadi.

Livan tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida mamlakatda 1000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Ular orasida qariyb 120 nafar bola, 80 nafar ayol va 40 nafar tibbiyot xodimi bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid