Jahon | 19:45
6694
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron kelishuv tuzishni xohlamoqda

U Eron yadro qurolidan voz kechishga rozi bo‘lganini aytgan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlar qarshisida ham Vashington Tehron vakillari bilan «juda samarali muzokaralar» o‘tkazgani, asosiy masalalar bo‘yicha «tutashish nuqtalari» borligini aytdi.

«Bizda juda va juda samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ko‘ramiz, bu nimaga olib borarkan. Degan bo‘lardimki, asosiy masalalarning aksariyati – deyarli barchasi bo‘yicha hamfikrmiz», – degan AQSh prezidenti. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda Amerika tomonidan uning kuyovi Jared Kushner va maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etgan. Tramp Eron nomidan muzokaralarda kimlar ishtirok etganiga aniqlik kiritmagan, faqat u «yuqori martabali muhtaram yetakchi» ekanini qayd etgan.

Tramp shuningdek muzokaralar tashabbuskori Tehron bo‘lganini qayd etgan.

«Ular kelishuv tuzishni istashmoqda va biz bunga tayyormiz. <…> Ularda hech qachon yadro quroli bo‘lmaydi. Ular bunga rozi bo‘lishdi», – degan u.

Axios o‘z manbasiga asoslanib yozishicha, Vashington va Tehron muzokaralariga Turkiya, Misr va Pokiston vositachilik qilayotgani haqida xabar bergan. Ushbu mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari ikki kun mobaynida Amerika va Eron vakillari – Stiv Uitkoff hamda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan alohida muzokaralar o‘tkazishgan.

The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, Vashington bilan muzokaralarni Eron tomonidan parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof olib bormoqda.

Tramp avvalroq «samarali muzokaralar» munosabati bilan Pentagonga Eron energetika infratuzilmasiga zarba berishni besh kunga kechiktirib turishni buyurgani haqida aytgandi.

Eron tomoni esa AQSh bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqlamagan. Tehrondagilar Tramp «Eronning harbiy tahdidlari tobora ishonchli tus olgani tufayli muhim infratuzilmalarga hujum qilishdan bosh tortgani» haqida aytishgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid