Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron bilan urushning to‘rtinchi haftasi. So‘nggi ma’lumotlar
Buyog‘iga nima bo‘ladi? Quruqlik amaliyoti yoki muzokaralar?
«Jyerald Ford» aviatashuvchisi. Foto: Carl Court / Getty Images
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi to‘rtinchi haftaga o‘tdi. Donald Tramp 22 mart kuni Erondan ikki hafta ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni talab qilgan, aks holda mamlakat energetika infratuzilmasini bombalashi, ya’ni Eronni yorug‘liksiz qoldirishi haqida ogohlantirgandi.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa bunga javoban Isroil hamda AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarining energetika infratuzilmalarini, shuningdek, mintaqadagi Amerikaga aloqador bo‘lgan kompaniyalarga tegishli barcha energetika obektlarini nishonga olishga va’da berdi.
Tramp fikrini o‘zgartirdi
23 mart kuni, Amerika ultimatumi tugashiga oz qolganida, Tramp AQSh va Eron «Yaqin Sharqdagi mojaroni uzil-kesil hal qilish yuzasidan juda yaxshi va samarali muzokaralar o‘tkazayotgani», shu tufayli Eron elektr stansiyalariga zarbalar berishni besh kunga kechiktirgani haqida aytib chiqdi.
Eronda aynan kim bilan muzokara o‘tkazilayotgani aniq emas. Urushdan oldin va urushning ilk haftalarida tashqi siyosat, jumladan, AQSh bilan aloqalar uchun Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy mas’ul edi. Ammo u Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Uning funksiyalari kimga o‘tgani ma’lum emas.
The Jerusalem Post ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda Eron pozitsiyasini parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof, Amerikanikini – Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va prezident kuyovi Jared Kushner ifoda etmoqda.
Erondagilar nima demoqda?
Erondagi Tasnim davlat axborot agentligi islom respublikasi kuchishlatar tuzilmalaridagi manbasiga asoslanib, hech qanday muzokaralar bo‘lmagani, Tramp esa Eronning strategiyasi ish berayotgani uchungina «ortga chekingani» haqida xabar tarqatdi. Bu strategiya urushdan iloji boricha ko‘proq mamlakatlar zarar ko‘rishiga erishish, jahon bozorlariga bosim o‘tkazish va shu orqali Trampni Eronga zarba berishni to‘xtatishga undashdan iborat.
Amerika va Isroilning urush uchun dastlabki rejasi, aftidan, uzil-kesil muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Tramp ultimatumlar qo‘yayotgani va Yaqin Sharqqa qo‘shimcha kuchlar, jumladan, 2500 nafar dengiz piyodasi yuborgani hamda mintaqaga «Jorj Bush» aviatashuvchisi boshchiligida uchinchi zarbdor guruhni yuborishga tayyorlayotgani (hozirda u Virjiniya shtatidagi Norfolk bazasida turibdi) fakti ham shundan darak bermoqda.
Dastlabki reja nimani nazarda tutgan?
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, u asosan Isroil tashqi razvedka xizmati «Mossad» g‘oyasiga asoslangan edi. «Mossad» direktori David Barnea avvaliga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni, keyin esa Donald Tramp ma’muriyatini Eron rejimi yetakchilarining o‘ldirilishi va harbiy infratuzilmaga yirik zarbalardan so‘ng islom respublikasiga qarshi isyon boshlanishiga ishontirgan.
Ammo bu hisob-kitob o‘zini oqlamadi. Erondagi kuchishlatar tuzilmalar – armiya, politsiya, Islom inqilobi muhofizlari korpusi, «Basij» ko‘ngillilari, maxsus xizmatlar – ko‘chalarda to‘liq nazoratni saqlab qolmoqda va rejimga qarshi chiqishga bo‘lgan har qanday urinishlarni bostirmoqda. Islom respublikasiga qarshi qurolli kurash boshlashi mumkin bo‘lgan xorijiy kuchlar – birinchi navbatda, Iroq Kurdistonida o‘rnashgan kurd ko‘ngillilari esa harakat boshlashga shoshilmayapti. Natijada, rejim tashqi tomondan zaiflashdi, ammo ichki tomondan mustahkamlandi.
Tramp endi nima qiladi?
AQSh prezidenti endi Erondagi rejim o‘zgarishi haqida emas, balki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qanday ochish haqida ko‘proq o‘ylamoqda – uning bloklanishi neft narxi keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi va yakunda jahon iqtisodiy inqiroziga olib kelishi mumkin. Tramp Eron vakillari bilan «samarali muzokaralar» o‘tkazayotgani va AQSh «barcha maqsadlariga erishishga yaqinlashayotgani hamda Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar intensivligini pasaytirish haqida o‘ylayotgani» haqida gapirmoqda. Bunday gaplar, birinchi navbatda, bozorlarga qaratilgan – ularni tinchlantirish va narxlar o‘sishini sekinlashtirish umidida.
Shu bilan bir vaqtda, Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish yo‘lini izlamoqda. U ittifoqchilarni savdo kemalari xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy kemalarini yuborishga chaqirgandi, ammo ular urushga kirishni istamay, buni rad etishdi. Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp allaqachon ittifoqchilarining amaliy harakatlaridan umid uzgan va ularning «Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligi uchun zarur bo‘lgan choralar»ni hech bo‘lmaganda og‘zaki qo‘llab-quvvatlashi bilan kifoyalanishga tayyor – bu bozorlarni biroz bo‘lsa-da tinchlantirishga yordam beradi degan umidda.
Isroil qanday yo‘l tutmoqda?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa «Ho‘rmuz muammosi»ni hal etishda boshqacha yondashuvni ilgari surmoqda. U eskalatsiyani yanada kuchaytirish tarafdori. 18 mart kuni Isroil samolyotlari Fors ko‘rfazidagi Janubiy Fors gaz koniga zarba berdi – bu AQShni xabardor qilgan holda uning roziligi bilan amalga oshirilganiga shubha yo‘q. Eronda qazib olinadigan gazning taxminan 70 foizi mazkur kon hissasiga to‘g‘ri keladi. Erondagi issiqlik ta’minoti to‘lig‘icha, shuningdek, Iroq va Turkiyadagi issiqlik ta’minotining sezilarli ulushi (zarba berilgandan so‘ng darhol ushbu mamlakatlarga gaz eksporti to‘xtatildi) aynan shu konga bog‘liq.
Eron bunga javoban Qatardagi gaz korxonalarini o‘qqa tutdi – va gaz narxlari darhol ko‘tarilib ketdi (Qatar jahon bozoridagi gazning 20 foizini ta’minlaydi). Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilish haqida o‘ylayotgani yo‘q: bu amalda Tehrondagilarda qolgan yagona kuzirdir va undan muvaffaqiyat bilan foydalanishmoqda.
Eron Yevropaga tahdid solmoqda
21 mart kuni Eron Britaniya va Amerikaning Hind okeani markazidagi kichik orolda joylashgan Diyego-Garsiya nomli aviabazasiga ikkita ballistik raketa uchirdi. Ular nishonga yetib bora olmagan: bittasi suvga qulagan, ikkinchisi Amerika esminetsi orqali to‘xtatib qolingan. Ammo bu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Eronda to‘rt ming kilometr masofani bosib o‘ta oladigan raketalar mavjudligini ko‘z-ko‘z qilish edi.
Eron ilgari shunday masofali raketalar ishlab chiqarishga qodirligini bildirgan, ammo ongli ravishda bundan tiyilgandi. 21 mart kungi uchirishni Yevropa mamlakatlariga tahdid deyish mumkin: AQSh va Isroilga yordam beradigan bo‘lsangiz – muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgan Qatar va BAAning ahvoliga tushasiz.
Katta ehtimol bilan, bu tahdid real emas: Eronda uzoq masofali raketalar zaxirasi mavjudligi hamda mamlakat Yevropani muntazam ravishda o‘qqa tutish va uning raketalarga qarshi mudofaa tizimini yengib o‘tish uchun yetarli miqdorda raketa ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligi dargumon. Ammo Eron boshqa maqsadni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin: Yevropadagilarni urush imkon qadar tezroq tugashi kerakligiga ishontirishni.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Urush xarakterini o‘zgartirish uchun AQSh va Isroil quruqlik amaliyoti o‘tkazishga qaror qilishi mumkin. Hozircha faqat cheklangan bosqin ssenariysi muhokama qilinmoqda – Fors ko‘rfazidagi Eronning eng yirik neft terminali joylashgan Xarg orolini egallab olish.
23 mart kungi chiqishlarida Tramp diplomatik yechim bo‘lishini istisno etmadi. U Uitkoff va Kushner eronlik yuqori martabali mulozimlardan biri bilan muzokaralar o‘tkazayotganini (katta ehtimol bilan, G‘olibofni nazarda tutgan) va allaqachon asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytib chiqdi. Xususan, go‘yoki Eron yadro quroli ishlab chiqarishdan voz kechishga rozi bo‘lgan. Holbuki, Eron doimo bunday qurol yaratish ustida ish olib borayotgani haqidagi xabarlarni rad etib kelgan.
Erondagilar AQSh faqat G‘olibof bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha so‘rov yuborgani, ammo hozircha rozilik berilmaganini ma’lum qilgan.