O‘zbekiston | 16:56
4887
5 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda AES qurilishining beton quyish bosqichiga o‘tildi

“O‘zatom” va “Rosatom” rahbarlari O‘zbekistonda birinchi AESni qurish bo‘yicha yana ikkita hujjatni imzoladi. Forish tumanidagi qurilish maydonchasida yadroviy energoblok uchun beton quyish ishlari boshlandi. “Hal qiluvchi qadamni qo‘ydik”, dedi Azim Ahmadxo‘jayev. Ma’lum bo‘lishicha, tanlangan maydonda AES qurish uchun regulyator ruxsati ham olingan.

Foto: "O‘zatom" matbuot xizmati

Bugun, 24 mart kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi bo‘lajak atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida dastlabki beton ishlariga rasman start berildi. Shu kuni Rossiya tomoni bilan loyiha yuzasidan yangi hujjatlar ham imzolandi.

Hujjatlar imzolandi

“O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuv imzolandi.

Hujjatni Toshkentdagi tadbirda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi.

Aleksey Lixachyov va Azim Ahmadxo‘jayev

“Yo‘l xaritasi” AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bosqichlari, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, atom energetikasining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini ta’minlash, bo‘lajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish va sohani kompleks rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga doir bitim esa 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok hamda RITM-200N reaktorlariga ega ikkita energoblok (har biri 55 MVt) barpo etishni nazarda tutadi.

Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi – bu O‘zbekistondagi umumiy elektr energiyasi iste’molining 15 foizidan ortig‘ini tashkil etadi, deyiladi rasmiy bayonotda.

Birinchi beton quyildi

24 mart kuni Forish tumanidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlarini boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Pavel Bezrukov va Abdijamil Kalmuratov

Marosim O‘zbekistonda AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Kalmuratov va “Atomstroeksport” AJ vitse-prezidenti – O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi direktori (“Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik divizioni) Pavel Bezrukov ishtirokida o‘tdi.

Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni 2026 yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 m³ ga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.

Regulyator ruxsat bergan

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi RITM-200N reaktor qurilmalariga ega ikkita AES energoblogini joylashtirish maydonidan foydalanish uchun “AES qurilishi direksiyasi” davlat korxonasiga ruxsatnoma bergan.

“Ekspertiza faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmiklik zonalari yoki jadal karst hosil bo‘lish hududlari kabi AESning reaktor qurilmalariga ega ikkita energoblogini joylashtirishni taqiqlovchi omillar mavjud emasligini tasdiqladi. Ijobiy xulosa tanlangan maydonchaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga, ekologik me’yorlar hamda texnik standartlarga to‘liq mos kelishini namoyon etadi. Ushbu hujjat maydonchadan foydalanish uchun asosiy hujjat bo‘lib, har qanday AESning hayotiy siklidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi”, – deyiladi “O‘zatom” axborotida.

“Hal qiluvchi qadamni qo‘ydik” – Azim Ahmadxo‘jayev

“Bugun O‘zbekiston kelajagi uchun yana bir muhim kun – biz zamonaviy atom energiyasini yaratish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirishda hal qiluvchi qadam qo‘ydik. Jizzax viloyati Forish tumanidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatilgan kichik quvvatli energoblokni barpo etish bo‘yicha birinchi beton ishlari tantanali ravishda boshlandi.

Ushbu loyiha, mamlakat energiya mustaqilligi va barqaror o‘sishining asosiy yo‘nalishi sifatida atom sanoatini rivojlantirishni shaxsan qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iy nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda. Jadval va eng yuqori xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilgan holda, biz bosqichma-bosqich oldinga ketyapmiz: bu ishlar o‘z ichiga beton tayyorgarligidan, reaktor binosini qurishgacha, uskunalarni o‘rnatishdan toki energiya bloklarini ishga tushirishgacha bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi”, – dedi “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev jurnalistlarga bergan izohida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid