Iqtisodiyot | 21:50 / 24.03.2026
2723
4 daqiqa o‘qiladi

Oltin keskin arzonlashdi. Sabab nima?

Mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Yanvar oyining oxirida 5600 dollargacha ko‘tarilgan narxlar 4100 dollargacha pasaydi. Qimmatbaho metall narxining o‘zgarishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi ishlab chiqarish darajasi hisobga olinsa, yillik narxlarning o‘rtacha 100 dollarga qimmatlashishi oltin eksportidan keladigan daromadlarni taxminan 380 mln dollarga ko‘paytirishi mumkin.

Foto: Bloomberg

Geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Shu sababdan so‘nggi yillarda qimmatbaho metall bahosi keskin qimmatlashdi. 2026 yilning 28 yanvar kuni narxlar 5608 dollargacha ko‘tarildi. Ammo mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Sabab nima?

Oltin nega keskin arzonladi?

Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Global inflatsiya kuchaydi. Natijada markaziy banklar, xususan, AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishni kechiktirishga majbur bo‘lyapti. Agar yirik markaziy banklar foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab tursa yoki davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik oshsa, sarmoyadorlar o‘z mablag‘larini foiz keltirmaydigan oltindan ko‘ra, kafolatlangan daromad keltiruvchi obligatsiyalarga yo‘naltirishni afzal ko‘rishadi.

Shuningdek, mart oyi boshidan beri dollar 2 foizga mustahkamlandi. AQSh dollari boshqa asosiy valutalarga nisbatan kuchayganda, oltin narxi odatda pasayadi. Dollar qanchalik qimmat bo‘lsa, boshqa valutada xarid qiluvchilar uchun oltin shunchalik qimmatga tushadi, bu esa global talabni susaytiradi.

Agar xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar, masalan, savdo urushlari yoki mintaqaviy mojarolar, qisman barqarorlashgan bo‘lganda ham investorlarda «xavfsizlik bandargohi»ga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Bu esa xavfliroq, ammo daromadliroq bo‘lgan aksiyalar bozoriga kapital oqib yo‘naltirilishiga olib keladi.

Oltin narxining O‘zbekistonga ta’siri

Bir necha kun oldin Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni yangiladi. 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro aktivlari 77,1 mlrd dollargacha oshdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning 67,6 mlrd dollari yoki qariyb 88 foiz qismi aynan oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning 1 yanvar holatida xalqaro aktivlar 41,2 mlrd dollar, uning tarkibida oltinning ulushi 32 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni narxlarning qimmatlashishi hisobiga O‘zbekistonning oltin aktivlari 14 oy ichida 87 foizga yoki 35,9 mlrd dollarga ko‘paydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. 2025 yilda bu 9,9 mlrd dollargacha oshdi. 

Agar yil davomida oltinning o‘rtacha narxi unsiyasi uchun 5000 dollarni tashkil etgan taqdirda O‘zbekiston 2026 yilda 18,9 mlrd dollarlik, 4500 dollarni tashkil qilgan taqdirda 17 mlrd dollarlik, 4000 dollarni tashkil etgan taqdirda esa 15,2 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksportini amalga oshirishi mumkin. Shu jihatdan narxlarning qimmatlashishi bevosita mamlakat budjet daromadlari va valuta kursining barqarorlashishiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda oltin qazib olishning yillik ko‘rsatkichi 118 tonnaga yetkazilishi aytilgandi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid