Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sanksiyalar, neft va armiya: Eronning kuch formulasi
Eron ko‘pincha Yaqin Sharqning asosiy davlatlaridan biri sifatida qabul qilinadi, ammo u qo‘shnilari bilan qay darajada taqqoslanadi? Aholi soni, energetik resurslar va qurolli kuchlar hajmi bo‘yicha mamlakat mintaqaning eng yirik o‘yinchilaridan biri hisoblanadi, biroq aholi jon boshiga daromad va harbiy xarajatlar bo‘yicha boy davlatlardan sezilarli darajada orqada qoladi.
Foto: EPA-EFE/ABEDIN TAHERKENAREH
Yangi infografika turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha vaziyatni ko‘rsatadi — Eron qayerda yetakchi, qayerda orqada va uning ko‘lami mintaqadagi o‘rniga qanday ta’sir qiladi.
Eron aholi soni bilan ajralib turadi — taxminan 93,2 million nafar, bu ko‘rsatkich mintaqadagi ko‘plab davlatlardan ancha yuqori. Biroq farovonlik darajasi bo‘yicha vaziyat boshqacha: aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YaIM) mintaqadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Iqtisodiyotning umumiy hajmi taxminan 356 milliard dollarni tashkil etadi, ammo mamlakat Saudiya Arabistoni va Isroil kabi mintaqaviy yetakchilardan orqada qolmoqda. Bu iqtisodiy ko‘lam bilan aholi farovonligi o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi.
Aholi jon boshiga YaIM 4000 dollardan biroz yuqori bo‘lib, bir kishiga to‘g‘ri keladigan ishlab chiqarish samaradorligi Qatar va Isroil kabi kichik, ammo boy davlatlarga nisbatan ancha past ekanini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, bu mintaqadagi odatiy holatni aks ettiradi: Fors ko‘rfazi davlatlari kichik bo‘lsa-da, aholi jon boshiga daromad yuqori, Eron va Iroq kabi yirik davlatlarda bu ko‘rsatkichlar nisbatan past.
Eron neft qazib olish va zaxiralari bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi, faqat Saudiya Arabistonidan orqada turadi. Uning neft zaxiralari taxminan 208,6 milliard barrel, kunlik qazib olish hajmi esa 4,6 million barrel atrofida.
Shunga qaramay, xalqaro sanksiyalar eksport va investitsiyalarni jiddiy cheklab qo‘ygan, bu esa Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar bilan solishtirganda qazib olish o‘sishini sekinlashtirmoqda. Eksport qilinayotgan neftning katta qismi Xitoyga yo‘naltirilgan.
Eron mintaqadagi eng yirik qurolli kuchlarga ega — taxminan 610 ming nafar, bu Saudiya Arabistoni armiyasidan ikki baravardan ham ko‘p.
Biroq mamlakatning harbiy budjeti yiliga taxminan 7,9 milliard dollar bo‘lib, bu Saudiya Arabistoni va Isroilga nisbatan ancha kam.
Isroil ko‘pincha texnologik jihatdan rivojlangan harbiy derjava sifatida ko‘rilsa-da, Eronning ko‘lami va mintaqadagi ta’siri hali ham kuchlar muvozanatida muhim omil bo‘lib qolmoqda.