O‘zbekiston | 15:15 / 25.03.2026
4220
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 26-27 mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Kun tartibidan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, jumladan, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Shuningdek, siyosiy muloqotni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasi hamda transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, suv va energetika xavfsizligini ta’minlash, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar, shuningdek, ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlikni muhokama qiladi.

Tashrif yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid