Jahon | 09:28
995
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livan janubidagi harbiy nazoratni saqlab qolmoqchi

The New York Times yozishicha, Donald Tramp Eron bilan muzokara olib borayotgan bir paytda, Isroil Livan hududining bir qismini nazorat qilish niyatida. Mudofaa vaziri esa Isroil Litani daryosi ustidagi beshta ko‘prikni yo‘q qilganini qo‘shimcha qildi.

Foto: Odd Andersen/Agence France-Presse - Getty Images

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) Livan janubidagi nazorat hududini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 24 mart, seshanba kuni Isroil mudofaa vaziri Israel Kats ma’lum qildi. The New York Times (NYT) gazetasi bu holatni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Livandagi harakat — “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi hujum kuchayib borayotganining belgisi, deb baholadi.

Kats ta’kidlashicha, Isroil Litani daryosining janubidagi hudud ustidan nazoratni saqlab qoladi. NYT yozishicha, TSAHAL shuningdek AQSh prezidenti Donald Tramp urushni to‘xtatish uchun Eron bilan muzokara olib borayotgan davrda Livan hududining katta qismini nazorat qilish uchun zamin hozirlamoqda.

“Janubiy Livandan evakuatsiya qilingan yuz minglab aholi, to Isroilning Livan bilan chegaradosh shimoliy hududlari aholisi xavfsizligi ta’minlanmaguncha, Litani daryosining janubiga qaytmaydi”, — dedi Kats. U bu yerda Isroilning Livan bilan chegarasi yaqinida yashovchi aholini nazarda tutgan.

Mudofaa vaziri, shuningdek, Isroil daryo ustidagi beshta ko‘prikni yo‘q qilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, “Hizbulloh” mazkur ko‘priklardan qo‘shimcha kuchlarni o‘tkazish uchun foydalangan. Biroq gazetaning aniqlashicha, bu ko‘priklar mahalliy tinch aholi uchun ham hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, ular orqali kasalxonalarga borish va dori-darmon yetkazib berish amalga oshiriladi.

Bundan avval, 23 mart kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu TSAHAL Eron va Livandagi nishonlarga zarbalar berishni davom ettirayotganini aytgan edi.

“Biz ham Eronga, ham Livanga zarba berishda davom etyapmiz. Biz (Eronning) raketa va yadroviy dasturini yakson qilyapmiz va ‘Hizbulloh’ga jiddiy zarar yetkazishda davom etyapmiz”, — dedi hukumat rahbari.

Mart oyi boshida Yaqin Sharqdagi mojaro keskin kuchaygan bir sharoitda, Livan hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatiga “zudlik bilan taqiq” joriy qildi. Mamlakat bosh vaziri Navof Salom 2 mart kuni televideniye orqali murojaatida guruh a’zolaridan qurollarni davlatga topshirishni talab qildi.

Livan hukumatining bu qadami Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi Eron oliy rahbari Ali Xominaiyning o‘ldirilishi uchun “qasos” sifatida Isroilga raketa zarbalari va dron hujumlarini amalga oshirganidan so‘ng tashlandi. Isroil harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, raketalardan biri tutib qolingan, yana bir nechtasi esa ochiq hududlarga tushgan.

Bu o‘q uzishlardan so‘ng Isroil javob zarbalarini berdi. Xususan, Isroil harbiy-havo kuchlari “Hizbulloh” nazorati ostida bo‘lgan Bayrut janubiy atroflariga kuchli havo zarbalarini yo‘lladi.

AQSh va Isroil 28 fevraldan beri Eronga havo zarbalarini berib kelmoqda. Bu hujumlar oqibatida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va qator yuqori lavozimli amaldorlar hamda kuch ishlatar tizim vakillari halok bo‘lgan.

Javob tariqasida Eron Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotlariga ko‘ra, bu hujumlarning maqsadi mintaqadagi Amerika harbiy bazalaridir.

Eron zarbalari ostida Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlardagi neft omborlari va neft tankerlari ham qolgan. Bundan tashqari, urush boshlanganidan buyon Eron hujumlaridan Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqiga vaqtincha raislik qilayotgan Kipr ham jabr ko‘rgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid