O‘zbekiston | 13:24
2323
8 daqiqa o‘qiladi

Yangilangan Imom Buxoriy majmuasidan reportaj

Samarqandda bu yilgi Ramazon hayiti odatdagidek o‘tmadi. Payariq tumanida qaytadan barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasi nihoyat foydalanishga topshirildi. Ushbu majmua shunchaki ziyoratgoh emas, balki O‘zbekistonning islom olamida ilmiy va ma’naviy markazlardan biri ekaniga ishora qildi.

Majmuada muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov boshchiligida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan ulamolar, imom-xatiblar, nuroniylar va bir necha o‘n ming kishilik jamoat ilk hayit namozini ado etishdi.

19 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, Imom Buxoriy xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.

Kun.uz muxbirlari Imom Buxoriy majmuasidan maxsus reportaj tayyorladi.

63 gektar maydonda barpo etilgan bu hududga kirgan odam avvalo uning kengligini va mahobatini his qiladi. Majmua ochilganiga bir necha kun bo‘lishiga qaramay, bu maskanda ziyoratchilar oqimi kamaygani yo‘q, aksincha, yurtimizning turli hududlaridan, xorijdan kelgan bir necha o‘n minglab insonlarni ko‘rish mumkin.  

Bir necha o‘rinlarda Imom Buxoriy majmuasini Hindistondagi Tojmahalga qiyoslaganlar bo‘ldi. Darhaqiqat, shaklan ayrim o‘xshashliklar bor. Xususan, masjid old qismidagi katta hovuz, uning atrofidagi keng maydon, masjidning oq rangi va gumbazlar, minoralardagi umumiylikni ko‘rishimiz mumkin. Biroq Imom Buxoriy majmuasining ma’naviy mohiyati, maqsadi va g‘oyasi keskin farq qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, professor Shukrullo Umarovning aytishicha, majmua yuragi bo‘lmish masjidning kirish va ayfon peshtoqlarida yuzdan ortiq oyat va hadislar yozilgan. Xususan, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asaridan 75 ta hadislar keltirilgan. Majmuadagi QR-kodlar orqali ko‘plab tillarda ushbu hadis va oyatlarni o‘qish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, bu yerga tashrif buyuruvchilar nafaqat ziyorat, balki yangi ilm va ma’rifat bilan chiqib ketishlari ko‘zda tutilgan.

Masjid muqaddam 1000 kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa, hozirgi kunda 10 ming namozxonni sig‘dirmoqda. Xususan, Ramazon hayiti kuni yetmish mingga yaqin namozxon hayit namozini ado etgan. Shuningdek, ichkariga kirgan odamni eng avvalo gumbazning ichki qiyofasi hayratga soladi. Masjidning markaziy qismi 40 metrdan ortiq balandlikka ko‘tarilgan. 19 metrli asosiy gumbaz va uni o‘rab turgan kichik gumbazlar mahobati kishiga sokinlik beradi.

Bu yerda yana bir muhim jihat – xotin-qizlarning ibodat qilishlari uchun sharoit yaratilgan. Masjidning yerosti qismida namozxonalar tashkil etilgan.

Masjid ichkarisi va tashqarisida jami 80 ta kitob javonlari tashkil qilingan bo‘lib, u yerda ziyoratchilar mutolaa qilishlari uchun o‘n mingga yaqin diniy-ma’rifiy kitoblar joylashtirilgan.

Masjidning ichki va tashqari fasadlari, ustun va bezaklar to‘liq marmar toshlardan qilingan bo‘lib, bu binoning mustahkamligi, ranglari uzoq muddatlarda o‘zgarmasligini ta’minlaydi. Issiq va sovuq ob-havo sharoiti inobatga olingan. Marmar toshlar asosan Gretsiya, Afg‘oniston, Turkiya, Finlandiya, Portugaliya va Hindistondan keltirilgan.

Shuningdek, bu yerga turli mashab vakillari kelib ibodat qilishi mumkinligi ham inobatga olingan. Ya’ni bu faqat mahalliy emas, keng islom olamiga mo‘ljallab qurilgan makon hisoblanadi.

Majmua to‘rt burchagida qad rostlagan 75 metrli minoralar esa uning eng ko‘zga tashlanadigan belgisi. Ular bu joyni uzoqdanoq tanitadi.

Majmua faqat ibodat uchun emasligi esa uning boshqa qismlarida ham ochiladi. Xususan, masjidga tutash holda joylashgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi alohida ahamiyatga ega.

Professor Shukrullo Umarovning aytishicha, bu yerda Imom Buxoriy ilmiy merosi bilan cheklanib qolinmaydi.

“Movarounnahrda uch mingdan ortiq muhaddis yashab o‘tgan. Bizning asosiy vazifamiz – ularning merosini o‘rganish va jahonga yetkazish”, - deydi olim.

2017 yilda faoliyat boshlagan markaz olimlari tomonidan Imom Buxoriyning bizgacha yetib kelgan 12 ta asari to‘liq tarjima qilinib, kitob holida chop etilgani ma’lum qilindi. Jami yuzdan ortiq kitoblar tarjima qilingan. Bu esa majmua ortida faqat arxitektura emas, balki jonli ilmiy jarayon ham borligini ko‘rsatadi.

Hududda joylashgan hadis maktabi esa shu jarayonning davomi. Bu yerda yoshlar hadis ilmini o‘rganadi. Ya’ni bu makonda ibodat va ilm bir-biridan ajralmagan.

Majmuaning ichkari hovlisida ham kattagina o‘zgarishlar qilingan. Xususan, Imom Buxoriy maqbarasi eniga ham, bo‘yiga ham sezilarli kengaytirilgan. Favvoralar, manzarali daraxtlar, mahobatli ustunlar bezagi kishi e’tiborini tortmay qolmaydi.

Ichki hovli ham bir vaqtning o‘zida minglab ziyoratchini qabul qilishi mumkin.

Tojikistondan kelgan Sojida Tohirovaning aytishicha, bundan o‘n yillar muqaddam Imom Buxoriy majmuasiga kelgan. Onaxon majmua ochilishini tojikistonliklar ham uzoq kutganini bildirdi.

“O‘zbekistonga deyarli har yili kelib turaman, so‘nggi yillarda Imom Buxoriy majmuasi ta’mirlanayotgani sababli ziyorat qilolmagan edik. Shukur, bu yil nasib qildi, juda ham chiroyli bo‘libdi”, - deydi Sojida Tohirova.

Hasanboy Matsapayev ham Imom Buxoriy majmuasi foydalanishga topshirilganini eshitib, oilasi bilan Xorazmdan ziyorat uchun kelganini bildirdi.

Majmuada yurtimiz istalgan hududi va xorijdan kelgan ko‘plab mehmonlarni uchratish mumkin.

Zamonaviylik va tarixni ayniqsa Imom Buxoriy innovatsion muzeyida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. 9 pavilondan iborat bu muzeyda Imom Buxoriy hayoti va islom tarixi zamonaviy texnologiyalar orqali taqdim etilgan. Bu yerga kelgan odam faqat ziyorat qilmaydi, u muqaddas dinimiz mohiyatini tushunadi, ko‘radi, anglaydi.

Muzeyda Qur’oni Karimda nomlari zikr etilgan 25 nafar payg‘ambar hayoti, islom dinining paydo bo‘lishi, mohiyati, sahobalar faoliyati, muhaddis olimlar ilmiy merosi haqida ma’lumot olishadi.

Majmua atrofida esa butun bir infratuzilma shakllangan. Ziyoratchilar uchun avtoturargohlar, servis nuqtalari, qulay yurish yo‘laklari barpo etilgan. Shu bilan birga, bir vaqtning o‘zida qariyb 2000 nafar mehmonni qabul qila oladigan mehmonxonalar ham qurilgan. Bu esa bu yerni faqat bir kunlik ziyorat emas, balki uzoqroq qolib o‘rganish mumkin bo‘lgan hududga aylantiradi.

Bularning barchasi bir haqiqatni o‘rtaga tashlaydi. Bu yerda faqat o‘tmish emas, bugungi hayot va kelajak bor. Faqat ulug‘larimizga ehtirom emas, ularga monandlik, oqqan daryolar to‘xtab qolmaganiga ishora bor. Bu yerda yana bir nozik jihat borki, bunday majmua faqat ichki ehtiyojlardan kelib chiqmayapti. Imom Buxoriy nomi orqali O‘zbekiston tashqi dunyoga ham islom olamidagi ilmiy va ma’naviy markazlardan biri ekanini yana bir bor namoyon qilmoqda.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid