Jahon | 09:05
2868
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQShning Ukrainaga bosimi kuchayganini aytdi

Yaqin Sharqdagi vaziyat, shubhasiz, prezident Trampga va menimcha, uning keyingi qadamlariga ta’sir ko‘rsatmoqda, dedi Volodimir Zelenskiy Reuters agentligiga. Uning ta’kidlashicha, AQSh Ukraina Qurolli kuchlaridan Donbassdan to‘liq chiqib ketishni talab qilmoqda.

Foto: Michael Kappeler/dpa/Global Look Press

AQSh Ukrainaga tinchlik kelishuvi doirasida va’da qilingan xavfsizlik kafolatlarini berishni Kiyevning Rossiyaga katta hududlarni topshirishiga bog‘lamoqda: Vashington Donbassning butun hududini Rossiyaga berishni talab qilmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 mart, chorshanba kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Amerikaliklar Ukraina Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqishga tayyor bo‘lishi bilanoq, ushbu kafolatlarni yuqori darajada taqdim etishga tayyor», — dedi u.

Zelenskiyning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp urushni tezroq yakunlashni talab qilmoqda va bu Eron atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq.

«Yaqin Sharq, shubhasiz, prezident Trampga va menimcha, uning keyingi qadamlariga ta’sir qilmoqda», — dedi u.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Tramp hali-hamon Kiyevga bosimni kuchaytirish strategiyasini tanlamoqda.

Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining Donbassdan to‘liq chiqib ketishi Kiyev, shu bilan birga Yevropa xavfsizligiga tahdid solishidan ogohlantirdi. Uning tushuntirishicha, mintaqada kuchli mudofaa pozitsiyalari mavjud va bunday holatda ular Moskva nazorati ostiga o‘tib ketadi.

Yanvar oyidayoq Zelenskiy Ukraina va AQSh o‘rtasidagi xavfsizlik kafolatlari haqidagi hujjat yuz foiz tayyor ekanini va faqat imzolanishini kutayotganini aytgan edi. Biroq 24 mart kuni Mayamida AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Ukraina rahbari kelishuv ustida yana ishlash kerakligini bildirdi, deb qayd etdi Reuters.

Bundan avval, 7 fevral kuni, Zelenskiy Vashington Ukrainadagi urushni iyungacha yakunlashni talab qilganini aytgan edi.

«Amerikaliklar tomonlarga urushni shu yoz boshigacha tugatishni taklif qilmoqda va ehtimol tomonlarga aynan shu jadval bo‘yicha bosim o‘tkazadi. Nega aynan shu yozgacha? Biz tushunamizki, Amerikaning ichki masalalari ularga ta’sir qilmoqda va, ehtimol, ular uchun yanada dolzarb bo‘ladi, — deya Ukraina prezidentidan iqtibos keltirgan edi “Ukrinform” agentligi. — Ehtimol ularda boshqa ustuvor masala — Kongress bo‘ladi. Va biz tushunamizki, ular butun vaqtini aynan ichki siyosiy jarayonlarga bag‘ishlaydi».

AQShda saylovoldi kampaniyasi yoz boshida start olishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugagan taqdirda Vashington muzokara jarayonidan chiqib ketishini kutmaganini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid