Jahon | 17:16 / 27.03.2026
7030
3 daqiqa o‘qiladi

Eron hukumati zaxiradagi 1 million askarni safarbar qildi – OAV

Ular Qo‘shma Shtatlarning quruqlik orqali bostirib kirishiga tayyor turishi kerak.

Foto: Anadolu/Getty Images

Eronning 1 milliondan ortiq fuqarosi mamlakat janubiga safarbar qilindi, deb xabar berdi Tasnim va Mehr nashrlari. Ular Qo‘shma Shtatlarning quruqlik orqali bostirib kirishiga tayyor turishi kerak.

Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, rasmiylar, shuningdek, «Basij» bo‘linmalari, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) va muntazam armiyaga jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun qo‘shilishni istagan yoshlarning ommaviy arizalari oqimini qayd etmoqda.

Eron qurolli kuchlarining umumiy soni - muntazam armiya (Artesh) va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini (IIQK) ham qo‘shib hisoblaganda - taxminan 610-860 ming amaldagi harbiy xizmatchiga teng.

IIQK elita tuzilma hisoblanadi va quruqlik, havo va dengiz kuchlarini o‘z ichiga olgan holda taxminan 150-190 ming kishini tashkil etadi. IIQK tuzilmasiga kiruvchi «Basij» militsiyasi tarkibiga 90 mingga yaqin faol ishtirokchi va yuz minglab safarbarlik zaxiralari kiradi.

Nazariy jihatdan ularning safarbarlik salohiyati 10 million kishigacha yetishi mumkin.

Avvalroq, 26 mart kuni The Wall Street Journal gazetasi AQSh Kongressidagi uch respublikachiga, jumladan, Vakillar palatasi va Senatning qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitalari raislariga tayanib, Eronga qarshi AQSh quruqlikdagi operatsiyasi yaqin orada boshlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, manbalar aniq muddatlarni aytmadi.

AQSh dengiz piyodalaridan Eronning janubiy qirg‘oqlaridagi bir yoki bir nechta orollarni egallab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini tiklash uchun foydalanishi mumkin. Bungacha Axios Qo‘shma Shtatlar orollardan birini bosib olish yoki blokada qilish rejalarini o‘rganayotgani haqida ma’lumot bergan edi.

Shuningdek, Pentagon 82-havo-desant diviziyasining 2 mingga yaqin harbiy xizmatchisini Yaqin Sharqqa ko‘chirishni buyurgani aytilmoqda. 3 kun oldin Isroil hukumati Eronga qarshi harbiy harakatlar va «Hizbulloh» harakati fonida 400 minggacha zaxiradagi askarni safarbar qilish rejasini tasdiqlagan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid