Jahon | 09:14
989
3 daqiqa o‘qiladi

NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini keskin oshirmoqda

AQShning NATOdagi Yevropa ittifoqchilari, shuningdek Kanada 2025 yilda mudofaa xarajatlarini 2024 yil ko‘rsatkichiga nisbatan 19,6 foizga oshirdi. Shu bilan birga, ularning umumiy hissasi hali ham AQSh sarf-xarajatlaridan kamligicha qolmoqda.

Foto: picture alliance

AQShning NATOdagi Yevropa ittifoqchilari, shuningdek Kanada 2025 yilda mudofaa xarajatlarini 2024 yilga nisbatan 19,6 foizga oshirgan. Bu haqda alyans bosh kotibi Mark Ryuttening 26 mart, payshanba kuni NATO saytida e’lon qilingan yillik hisobotida aytiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, NATOga a’zo barcha 32 davlat o‘tgan yili mudofaa uchun o‘z yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini sarflagan. Shu bilan birga, ulardan yettitasi — Polsha, Litva, Latviya, Estoniya, Daniya, Norvegiya va AQSh ushbu sohaga YaIMning 3 foizidan ko‘prog‘ini yo‘naltirgan. Dastlabki uch davlatning xarajatlari esa 3,5 foizdan ham oshgan. Alyansning barcha ishtirokchilari ana shu ko‘rsatkichga 2035 yilgacha yetishi rejalashtirilgan.

Germaniyaning 2025 yildagi mudofaa xarajatlari YaIMning 2,39 foizini tashkil etgan. Mablag‘ hajmi bo‘yicha mamlakat hissasi faqat AQShdan keyingi o‘rinda turadi: NATOning o‘tgan yilgi mudofaa xarajatlari uchun sarflangan 1,63 trillion dollardan 980 milliard dollar Vashington hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 120 milliard dollardan ortig‘i Berlin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Umuman olganda, AQShdan tashqari barcha davlatlarning jami hissasi rekord darajadagi 574 milliard dollarni tashkil etgan.

2025 yil iyunida NATO mamlakatlari 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini o‘z YaIMning 5 foiziga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Bunda 3,5 foiz an’anaviy mudofaa ehtiyojlariga to‘g‘ri kelishi, yana 1,5 foiz YaIM esa terrorizmga qarshi kurash va harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirishga sarflanishi rejalashtirilgan.

Tahlilchilar bahosicha, NATOga a’zo Yevropa davlatlari 2035 yilgacha to‘g‘ridan to‘g‘ri mudofaa investitsiyalari hajmini qariyb 2,2 trillion yevroga (2,54 trillion dollar) yetkazishi kerak. Faqat shunday miqdordagina mablag‘ qayta qurollanish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishish va Amerika tizimlari yetkazib berilishi ehtimoliy to‘xtatilgan taqdirda buni qoplashga yordam beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid