Jahon | 10:16
1630
2 daqiqa o‘qiladi

Nepal sobiq bosh vaziri hibsga olindi

Nepalning sobiq bosh vaziri Sharma Oli 2025 yilda bo‘lib o‘tgan, “Z avlodi namoyishlari” deb nom olgan ommaviy chiqishlarni shafqatsiz bostirishga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olindi.

Foto: BBC

Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiq ortidan boshlangan va korrupsiya hamda og‘ir iqtisodiy sharoitdan kuchayib borgan noroziliklar tufayli yuzaga kelgan sentabrdagi tartibsizliklar chog‘ida 70 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

Sobiq bosh vazir bilan birga mamlakatning sobiq ichki ishlar vaziri Ramesh Lexak ham hibsga olingan.

Bundan bir kun oldin mamlakatning yangi bosh vaziri — 35 yoshli repper Balen Shoh qasamyod qilgan edi.

“Ular bugun ertalab hibsga olindi va jarayon qonunga muvofiq davom etadi”, — dedi politsiya vakili France Press agentligiga.

Sharma Oli ayblovlarni rad etmoqda, uning advokatlari esa Reuters agentligiga mijozining tergovning bu bosqichida hibsga olinishi asossiz ekanini bildirgan.

Nepalning yangi ichki ishlar vaziri Sudan Gurung, namoyishlarda muhim rol o‘ynagan shaxslardan biri sifatida, hibslarni olqishladi.

“Hech kim qonundan ustun emas… Bu kimdandir qasos olish emas, balki adolatning boshlanishidir”, — deb yozdi u Instagram sahifasida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid