Jahon | 09:33
3987
4 daqiqa o‘qiladi

Putin va milliarderlarning yopiq uchrashuvi tafsilotlari ochiqlandi

Putin yirik biznesmenlar bilan yopiq uchrashuvda ulardan budjetga ixtiyoriy badal to‘lashni so‘ramagan, ammo uchrashuv ishtirokchilaridan biri bildirgan bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning yirik biznesmenlari bilan yopiq uchrashuvda budjetga ixtiyoriy badallar to‘lashni taklif qilmagan, ammo bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqda 27 mart, juma kuni prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov The Bell nashrida e’lon qilingan tegishli ma’lumotga izoh berar ekan, ma’lum qildi.

Davlat rahbari vakilining so‘zlariga ko‘ra, OAVda bu taklifni “Rosneft” boshqaruvi raisi Igor Sechin ilgari surgani, shuningdek uchrashuvda urush uchun mablag‘ ajratish masalasi muhokama qilingani haqidagi xabarlar to‘g‘ri emas.

“Haqiqat shundaki, uchrashuv ishtirokchilaridan biri haqiqatan ham davlat uchun muayyan yirik, juda yirik pul mablag‘ini ajratishni zarur deb hisoblashini aytdi va bu uning oilaviy qarori edi”, — dedi Peskov jurnalistlar bilan suhbatda.

Prezident matbuot kotibining aytishicha, biznesmen bu qadamni shunday izohlagan: “uchrashuv ishtirokchilarining mutlaq ko‘pchiligi o‘z biznesini aynan 90-yillarda boshlagan va, albatta, bu boshlanish asosan qandaydir tarzda davlat bilan bog‘liq bo‘lgan”.

“Ko‘plar bunday badallarni to‘lashni o‘z burchi deb biladi”, — dedi Peskov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Putin “bunday tashabbusni olqishlagan”.

26 mart kuni Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyidan so‘ng, unda Putin ham nutq so‘zlaganidan keyin, Rossiya prezidenti mamlakatning yirik biznesmenlari bilan yopiq uchrashuv o‘tkazdi. The Bell manbalariga ko‘ra, bu uchrashuvda davlat rahbari Ukrainadagi urush davomida Donetsk viloyatining ma’muriy chegaralarigacha chiqish rejalari haqida gapirgan va shundan keyin budjetga ixtiyoriy badallar to‘lashni taklif qilgan.

Nashr suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, “mamlakat uchun og‘ir davrda biznesni silkitish” g‘oyasi Sechinga tegishli bo‘lgan, u buni uchrashuvdan bir kun oldin Putinga yo‘llagan maktubida bayon qilgan. Aytilishicha, maktubda mablag‘ jalb qilish mexanizmi sifatida harbiy obligatsiyalarni joylashtirish taklif etilgan.

Uchrashuvning o‘zidayoq bu chaqiriqqa bir necha biznesmen javob qaytargan. Masalan, tadbirkor va Dog‘istondan Federatsiya kengashi a’zosi Suleymon Kerimov 100 milliard rubl ajratishga va’da bergan, deb ko‘rsatadi The Bell manbalari. The Financial Times britan nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, Putin taklifiga javob qaytargan yana bir biznesmen metallurgiya magnati Oleg Deripaska bo‘lgan.

Nashr shuningdek The Bell suhbatdoshlarining Putin uchrashuvda Ukrainadagi urushni Donetsk viloyatining ma’muriy chegaralariga chiqqunga qadar davom ettirish niyati borligini aytgani haqidagi ma’lumotini ham tasdiqladi.

Putin bilan biznesmenlar o‘rtasidagi yopiq uchrashuvga Deripaska ham izoh berdi.

“Bizga barchamizga bir xil natija kerak — iqtisodiy o‘sish sur’atlarini tiklash. Prezident aynan shu masalaga juda katta e’tibor qaratdi — tashqi bozorlardagi o‘zgargan vaziyatni hisobga olgan holda qanday cheklovlar bor, qanday muammolar bor, qanday istiqbollar bor”, — dedi milliarder “Birinchi kanal” bilan suhbatda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid