Jamiyat | 09:34
3976
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryolik yigit 2 mlrd so‘mlik kibero‘g‘rilikda ushlandi

Sirdaryo viloyatida yashovchi yigit Telegram orqali tarqatilgan zararli APK virus dasturi yordamida 200 dan ortiq fuqaroning bank kartalaridan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy yechib olgani aniqlandi.

Foto: Videodan kadr

Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Sirdaryo viloyatida yashovchi shaxs tomonidan sodir etilgan yirik miqyosdagi kiberjinoyat fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi Telegram messenjeri orqali tarqatilgan zararli APK virus dasturidan foydalanib, fuqarolarning mobil qurilmalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng u ularning bank kartalariga ulangan ma’lumotlardan foydalanib, pul mablag‘larini noqonuniy ravishda yechib olgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu usul orqali 200 dan ortiq fuqaro jabrlangan bo‘lib, ularga yetkazilgan moddiy zarar 2 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Tekshiruvlar davomida gumonlanuvchi jami 121 ta kiberjinoyat sodir etgani aniqlangan. Hozirda u protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni noma’lum manbalardan yuborilgan havolalar va dasturlarni yuklab olmaslikka, shaxsiy va bank ma’lumotlarini himoya qilishga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid