Jahon | 23:04 / 28.03.2026
3885
7 daqiqa o‘qiladi

Trampning tahdidi va Eronning zarbasi. Urushdagi so‘nggi voqealar

Donald Tramp boshchiligidagi AQSh Eron atrofida harbiy bosimni kuchaytirar ekan, rasmiy Tehron ham javob choralarini tayyorlamoqda. So‘nggi 24 soat ichida raketa zarbalari, ziddiyatli bayonotlar va yashirin muzokaralar haqidagi xabarlar keng yoyinlandi. Videoda mintaqadagi eng muhim so‘nggi voqealar qisqa shaklda jamlandi.

“Sulton” aviabazasiga zarba

Eron raketa va dronlar bilan Saudiya Arabistonidagi “Shahzoda Sulton” aviabazasiga zarba berdi va AQShning bir nechta yonilg‘i quyish samolyotlariga zarar yetkazdi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda aviabazadagi AQShning 3 ta KC-135 yonilg‘i quyish samolyoti vayron bo‘lgan yoki shikastlangani ko‘rinadi.

CBS ma’lumotlariga ko‘ra, zarba tufayli o‘n nafar amerikalik harbiy jarohat olgan. 27 martdagi hujum – Eron tomonidan ushbu bazaga qilingan ikkinchi zarba bo‘ldi.

Tramp bayonotlari

Donald Tramp Eronning energetika obektlariga zarbani 10 kunga kechiktirib, shu davrda Tehron bilan muzokaralarning yangi bosqichini boshlamoqchi ekanini bildirdi. U 26 mart kuni Truth Social'da yozishicha, qaror “Eronning iltimosiga ko‘ra” qabul qilingan.

Trampga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha “juda yaxshi” muzokaralar davom etmoqda. Eron ezgu niyat belgisi sifatida Pokiston bayrog‘i ostidagi 10 ta neft tankerini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tkazib yubordi, dedi AQSh prezidenti.

Lekin Bloomberg Tramp aytgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi sakkizta neft tankeri haqida ma’lumot topolmadi. Payshanba kuni Fors ko‘rfazidan faqat Eron bilan bog‘liq ikkita suyultirilgan gaz tashuvchi kema chiqib ketgani kuzatilgan. Ehtimol, Tramp bayon qilgan “ikki kema” shular bo‘lishi mumkin. Ba’zi kemalar xavfsizlik sabab signalini o‘chiradi, lekin oxirgi paytlarda Ho‘rmuzdan o‘tganlarning aksariyati joylashuvini yashirmagan. So‘nggi kunlarda esa atigi to‘rtta kema bo‘g‘ozni tark etgani tasdiqlangan.

26 mart kuni Tramp Oq uyda, o‘z jamoasi davrasidagi jonli efirda ham bir qancha bayonotlar berdi. Qo‘shma Shtatlar rahbari Ukraina va Eron masalasini o‘zaro qiyoslab, Ukraina AQShdan minglab kilometr uzoqda bo‘lsa ham Kiyevga yordam berganini, lekin ittifoqdoshlari Eron bilan bog‘liq mojaro “bizning urushimiz emas” deya noliganini aytdi.

Tramp Eron atrofidagi jarayonlarni sharhlar ekan, buni “NATO uchun sinov” deb atadi. Uning fikricha, bu sinovda ittifoqchilar AQShni qo‘llab-quvvatlamagan. “Bir necha oydan keyin ham bu harakatlaringizni unutmang va eslab qoling”, degan Tramp. AQSh prezidenti urg‘u berib, “hech qachon unutma” degan ibora borligini alohida ta’kidlagan.

27 mart kuni ham Tramp Floridada kelajak investitsiyalari konferensiyasi doirasida so‘zga chiqib, bir necha bor Eron masalasiga to‘xtaldi. U ulkan yordam uchun Saudiya Arabistoniga minnatdorlik bildirib, NATO haqida bunday deya olmasligini aytdi.

U mazkur nutqida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini “Tramp bo‘g‘ozi” deb atadi va “uzr, men Ho‘rmuz demoqchi edim, soxta yangiliklar buni tasodifiy adashish deyishadi, lekin men bilan bog‘liq tasodiflar bo‘lmaydi”, dedi prezident.

Tramp Eronning raketa uchirish salohiyatining qariyb 97 foizini yo‘q qilgani bilan g‘ururlandi. “97 foiz qudratidan ayrilgan” Eron kecha tunda ham Tel-Aviv va Ko‘rfaz davlatlariga javob zarbasi berishda davom etdi.

Zarbalar haqida gap ketganda, AQSh va Isroilning Tehron va Shiroz kabi shaharlarga qilgan hujumlarini ham qayd etishimiz kerak.

Muzokaradan darak bormi?

Oq uy sohibi konferensiyadan qaytayotgan paytda, undan Eron haqida so‘rashdi. U ortiga o‘girilib, “ular jiddiy zarba ostida, shu bilan birga, muzokaralar ham ketyapti”, deya qisqa javob berdi.

Manbalarga ko‘ra, Eron rasmiylari AQSh taklifini ochiq rad etgan bo‘lsa-da, muzokaralarga qiziqish saqlanib qolganini bildirgan. Yuqori darajadagi Eron rasmiylari AQSh bilan yaqin kunlarda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan uchrashuv bo‘yicha hali yakuniy javob bermagan.

Vositachilar Tehronni bunga ko‘ndirishga harakat qilmoqda, biroq Eron tomoniga ko‘ra, mamlakat oliy rahbari Mujtaba Xominaiy hali bu borada aniq qaror qilmagan. Asosiy to‘siq esa ishonchsizlik bo‘lib qolmoqda: Eron AQSh yana ularni chalg‘itishi mumkin degan xavotirda.

Mojaro kengaysa…

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Tramp diplomatiya samara keltirmasa, Eron bilan mojaroni yanada kuchaytirishni ko‘rib chiqmoqda, lekin qolgan barcha variantlar jiddiy xavf tug‘diradi.

Harbiy rejalarda yadro obektlari yoki neft infratuzilmasi kabi muhim nuqtalarni egallash uchun qo‘shin yuborish ham bor. Shunga qaramay, bunday operatsiyalar katta yo‘qotishlarga olib keladi va urushni yanada cho‘zib yuboradi. Ko‘plab rasmiylar keyingi keskinlashuv quruqlikdagi qo‘shinlarni ham jalb etishni talab qiladi, deb hisoblaydi. Bu esa mojaroni yanada kengaytirib, energiya obektlari va yuk tashish yo‘llariga hujumlar boshlanishiga olib kelishi mumkin.

The Wall Street'ning Pentagondagi manbalariga ko‘ra AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha yana 10 minggacha askar yuborishi mumkin. Bundan oldinroq 5 ming dengiz piyodasi va 82 havo desant diviziyasi yuborilgandi.

Donald Tramp tezroq urushdan chiqish uchun bir vaqtning o‘zida ham muzokara, ham harbiy bosimni oshirishga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Eron tomoni ham AQShga mos javob qaytarishga urinyapti: “Tasnim” agentligining Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, agar AQSh quruqlikdagi bosqinni boshlasa, Eron 1 milliondan ortiq harbiyni faollashtirishga tayyor.

Yamandagi husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazini bog‘lovchi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozida yana kemalarga hujumlarni boshlab yuborsa, bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi global savdo va energetika tizimiga jiddiy zarba berishi mumkin.

Bob al-Mandeb orqali kuniga 6-7 mln barrel neft o‘tadi va global dengiz neft savdosining 8-10 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, xalqaro savdoning 10-12 foizi shu yo‘lakdan o‘tadi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid