Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Saudiya bilan mudofaa bitimi tuzdi
Ukraina va Saudiya Arabistoni mudofaa vazirliklari hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishdi. AFP qayd etishicha, hujjatga ko‘ra, Kiyev Ar-Riyodga zarur havo hujumidan mudofaa komponentlarini ishlab chiqishda yordam beradi.
Foto: AP
Ukraina va Saudiya Arabistoni mudofaa vazirliklari mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Bu hujjat, jumladan, texnologik sheriklik va investitsiyalar uchun asos bo‘ladi, shuningdek Kiyevning xalqaro maydondagi rolini “xavfsizlik donori” sifatida mustahkamlaydi. Bu haqda 27 mart, juma kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Biz o‘z tajribamiz va tizimimizni Saudiya Arabistoni bilan bo‘lishishga, insonlar hayotini himoya qilishni kuchaytirish yo‘lida hamkorlik qilishga tayyormiz. Ukrainaliklar beshinchi yildirki, hozirda Eron rejimi Yaqin Sharq va Ko‘rfaz mintaqasiga qilayotgani kabi ballistik raketalar va dronlar orqali amalga oshirilayotgan hujumlarga qarshi kurashmoqda. Saudiya Arabistonida esa Ukraina manfaatdor bo‘lgan imkoniyatlar bor. Bu hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi mumkin”, — deb yozdi 26 martdan buyon Saudiya Arabistonida tashrif bilan bo‘lib turgan Ukraina yetakchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuvda, jumladan, “Rossiya tomonidan Eron rejimiga ko‘rsatilayotgan yordam, yonilg‘i bozorlaridagi vaziyat va ehtimoliy energetik hamkorlik” muhokama qilingan.
Zelenskiy, shuningdek, hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat uning bin Salmon bilan uchrashuvidan oldin imzolanganini bildirdi. Ukraina tomonidan tadbirda, xususan, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov, prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov ishtirok etgan.
AFP agentligi yuqori lavozimli hukumat amaldorlariga tayanib xabar berishicha, kelishuv 26 mart kuniyoq imzolangan. Agentlik manbalaridan biriga ko‘ra, “hujjatning mohiyati shundaki, Ukraina Saudiya Arabistoni hukumatiga hozirda yetishmayotgan havo hujumidan mudofaaning barcha zaruriy komponentlarini ishlab chiqishda yordam beradi”.
Bundan tashqari, agentlik suhbatdoshlaridan biri ma’lum qilishicha, kelishuv “faqat tutib qoluvchi vositalar bilan cheklanmaydi, balki tizimning o‘zi, uni havo hujumidan mudofaaning boshqa tarkibiy qismlari bilan integratsiya qilish, ukrain tajribasi, sun’iy intellekt va, xususan, Shahed turidagi dronlarga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni tahlil qilishning barcha boshqa elementlarini ham qamrab oladi”.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri, bu mojaro davomida Tehron Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar hududidagi obektlarga ham hujum qilgan bir paytda, Kiyev Eronning Shahed dronlaridan himoyalanish bo‘yicha yordam taklif qilib kelmoqda. Bu dronlar Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasi tomonidan ham qo‘llanmoqda.
Mart o‘rtalarida Zelenskiy Yaqin Sharq mamlakatlarida 201 nafar ukrain harbiy eksperti borligi, yana 34 nafari esa “joylashtirishga tayyor” ekanini ma’lum qilgan edi. “Jamoalarimiz allaqachon BAA, Qatar va Saudiya Arabistoniga yetib bordi, shuningdek, Kuvaytga ham yo‘l olmoqda. Biz boshqa davlatlar bilan ham ishlayapmiz, kelishuvlar allaqachon tuzilgan. Biz Eron terrorining qo‘shni mamlakatlarga qarshi davom etishini istamaymiz”, — degan edi o‘shanda Ukraina prezidenti.
27 mart kuni Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi Ukraina Qurolli kuchlari ekspertlari bilan uchrashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning asosiy vazifasi — “muammoli masalalarni aniqlash va odamlar hamda hayotni Eronning Shahed dronlari va raketalaridan himoya qilishni kuchaytirish uchun qanday o‘zgarishlar zarurligini belgilash”.
“Biz mustaqilligimizni himoya qilishimizga yordam berayotganlarning himoyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — dedi u.