Jahon | 08:56 / 30.03.2026
4184
4 daqiqa o‘qiladi

Italiyadagi muzeyda yirik o‘g‘irlik: uch shoh asar yo‘qoldi

Parma yaqinidagi xususiy Fonda Manyani-Rokka muzeyidan mashhur impressionist rassomlarning uchta kartinasi o‘g‘irlab ketildi. O‘g‘rilar kirish eshigini buzib ochgan va atigi uch daqiqada bog‘ orqali shoh asarlar bilan izsiz g‘oyib bo‘lgan.

Renuarning “Baliqlar” asari

Parma yaqinidagi xususiy Fonda Manyani-Rokka muzeyidan mashhur impressionist rassomlarning uchta kartinasi o‘g‘irlab ketildi. Politsiya vakili 29 mart, yakshanba kuni italyan ommaviy axborot vositalari tarqatgan o‘g‘irlik haqidagi ma’lumotni AFP agentligiga tasdiqladi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa bir hafta avval — 22 martdan 23 martga o‘tar kechasi sodir etilgan. O‘g‘irlangan asarlar — Per-Ogyust Renuarning kechki davrga mansub “Baliqlar” asari, Pol Sezannning qalam va akvarelda ishlangan “Gilosli natyurmort”i hamda Anri Matissning “Ayvondagi odaliska” akvarelidir.

Xabar qilinishicha, yuzlarini kapyushon bilan yashirgan o‘g‘rilar kirish eshigini buzib ochgan va atigi uch daqiqada bog‘ orqali rassomlar shoh asarlar bilan qochib ketgan. Manyani-Rokka fondida bu “rejalashtirilgan jinoyat” ekani, biroq “videokuzatuv tizimi hamda politsiya va qo‘riqlash xizmati tezkor aralashuvi tufayli u yanada og‘ir tus olmagani” aytildi. O‘g‘irlangan asarlarning taxminiy qiymati millionlab yevro bilan baholanmoqda. Hozirda tergov olib borilmoqda.

Pol Sezannning qalam va akvarelda ishlangan “Gilosli natyurmort”i

San’atshunos va kolleksioner Luiji Manyani nomi bilan ataluvchi fond uning rassomlik shoh asarlari kolleksiyasini saqlaydi. Unda Tisian, Dyurer, Rubens va Goyya asarlari ham bor. Ushbu xususiy muzey Italiyadagi eng muhim badiiy to‘plamlardan biri hisoblanadi.

Manyani-Rokka fondi muzeyidan kartinalar o‘g‘irlanishi so‘nggi oylarda san’at olamida sodir etilgan yagona shov-shuvli jinoyat emas. 2025 yil 19 oktyabrda Parijdagi Luvr muzeyidan Fransiya monarxlariga tegishli, umumiy qiymati taxminan 88 million yevro bo‘lgan qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlab ketilgan edi. Bunda jinoyatchilar qochayotgan paytda olmos va zumradlar bilan bezatilgan imperatritsa Yevgeniyaning tojini tushirib yuborgan.

Bu ish bo‘yicha bir necha kishi qo‘lga olingan, ularning ayrimlariga ayblov e’lon qilingan. Biroq taqinchoqlarning o‘zi hozircha topilmagan. Xabarlarga ko‘ra, talonchilikdan ko‘p o‘tmay o‘g‘rilar Isroildagi bir firma orqali Luvr bilan muzokaraga kirishishga uringan va o‘g‘irlangan buyumlarni pul evaziga qaytarishni taklif qilgan, ammo Fransiya muzeyi rahbariyati bu imkoniyatdan foydalanmagan.

Noyabr oyida internetda go‘yo Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi — MKQB tomonidan tasvirga olingan video tarqala boshladi. Unda o‘g‘irlangan buyumlar Ukraina milliarderi va prezident Volodimir Zelenskiyning sobiq yaqin hamkori Timur Mindichning uyidan topilgani aytilgan edi. Mindich “Energoatom” atrofidagi korrupsiya mojarosiga aralashgan shaxs sifatida tilga olingan. Biroq DW faktcheki shuni ko‘rsatdiki, bu videorolik — feyk bo‘lib, uning bir qismi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid