Ta’lim | 11:44 / 30.03.2026
2953
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 14 ta “yashil” texnikum ochiladi

O‘zbekistonda ekologik ta’lim va “yashil” iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash yangi bosqichga chiqmoqda - 2026–2027 yillarda barcha hududlarda 14 ta “yashil” texnikum tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Foto: "Zamin" xalqaro jamoat fondi

O‘zbekiston prezidentining 2026 yil 25 martdagi PQ–110-son qaroriga muvofiq, “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2026–2027 yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu ta’lim muassasalarida hududlarning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, sohalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Shuningdek, 2030 yilgacha mazkur texnikumlarda jami 10 ming nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash orqali ekologik ta’lim tizimini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Qarorda yana bir muhim yo‘nalish sifatida 2026–2028 yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy daraja olgan mutaxassislar sonini 150 nafarga yetkazish vazifasi belgilangan.

2026-2027 o‘quv yilidan boshlab ayrim ta’lim muassasalari “yashil” texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi. Ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ta’lim sifatini oshirish maqsadida mazkur texnikumlar Kasbiy ta’lim agentligi bilan kelishuv asosida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid