Jahon | 22:35 / 30.03.2026
3021
6 daqiqa o‘qiladi

“U aqldan ozgan” – millionlab amerikaliklar Trampga qarshi bosh ko‘tardi 

O‘tgan dam olish kunlarida Tramp va uning ma’muriyatiga qarshi AQSh bo‘ylab juda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Turli manbalarga ko‘ra, bu chiqishlarda kamida 8-9 milliongacha odam qatnashgan. Ko‘chaga chiqqanlar Tramp, uning qarorlari, urush, yashash narxining qimmatlab ketgani va ICE, ya’ni immigratsiya xizmatiga qarshi chaqiriqlar bilan namoyon bo‘lishdi.

“No kings”, ya’ni “Qirollarga yo‘q” jumlasi bilan namoyishchilar Amerika qirollarga xos bunday boshqaruvni qabul qilolmasligini aytmoqchi bo‘ldi. Bu birinchi marta emas, Tramp hokimiyatga kelganidan beri uchinchi marta bunday chiqishlar bilan ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. 

“Tramp bizni zolim sifatida boshqarmoqchi. Lekin bu Amerika va hokimiyat xalqqa tegishli – qirol bo‘lishni istaganlarga yoki ularning milliarder do‘stlariga emas”, deydi namoyish tashkilotchilari. 

Oq uy vakili norozilik chiqishlarini “Trampning ruhiy tushkunlik terapiyasi sessiyalari” deb atadi va “faqat ularni yoritish uchun sotib olingan muxbirlar” bunga ahamiyat berishini aytdi. 

Shanba kuni kun davomida AQShning deyarli barcha yirik shaharlaridan tashqari Parij va Londonda ham ayni mavzudagi norozilik chiqishlari bo‘lib o‘tgan – kunduzi Vashington shahar markazidagi ko‘chalarda mitinglar bo‘lib o‘tdi, mamlakat poytaxti bo‘ylab odamlar olomon yurish qildi. Namoyishchilar Linkoln memoriali zinapoyalari oldida saf tortib, Natioanl Mall’ni to‘ldirib yuborgan. 

Avvalgi namoyishlarda bo‘lgani kabi bu gal ham ko‘chaga chiqqanlar qo‘lida Tramp, vitse-prezident Vens va ma’muriyatdagi boshqa amaldorlarning karikaturalari, ularni masxara qiluvchi plakat va rasmlar, haykalchalarni ko‘tarib olishgandi. Ularning aksariyatida Tramp va Vens qamoqqa olinishi, lavozimidan chetlatilishi talab qilingan. 

Shu yilning yanvar oyida ikki amerikalik – Rene Nikol Gud va Aleks Prettining ICE tomonidan otib o‘ldirilishi namoyishlarni migratsiya xizmatiga qarshi ham alanga olishiga sabab bo‘ldi, deb yozadi BBC. Ularning o‘limi Tramp ma’muriyatining immigratsiya taktikasiga qarshi norozilik namoyishlariga va butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga olib kelgan, deya qo‘shimcha qildi ushbu nashr. 

Nyu Yorkdagi Times Square’da ham minglab odamlar Manhettenning Midtaun mahallasi bo‘ylab yurish qilishdi. Politsiya olomon uchun yo‘l ochish maqsadida odatda gavjum bo‘lgan ko‘chalarni yopishga majbur bo‘ldi.

Nyu York shahridagi norozilik namoyishida ishtirok etgan aktyor va rejissyor Robert De Niro BBC muxbiriga Trampga qarshi norozilik bildirish zarurligini aytgan. 

“Menimcha, ko‘proq odamlar bu odam bilan vaziyat kundan kunga yomonlashib borayotganini ko‘rishni boshladi. Endi biz urushdamiz. Keyingi narsa, u yerga qo‘shinlarni qo‘yadi. Chunki u aqldan ozgan.  Biz unga, rejimga qarshi turishimiz, hamma narsa bilan kurashishimiz kerak. Biz shunchaki tinch yo‘l bilan kurashishimiz kerak, lekin qarshilik ko‘rsatishimiz shart. Bundan boshqa choramiz yo‘q”, - deydi aktyor. 

Tramp siyosiy faoliyati davomida aktyor De Niro bilan tez-tez to‘qnash kelgan, o‘tgan oy taniqli aktyorni prezident “kasal va aqldan ozgan odam”, “nihoyatda past IQʼga ega” deb atagandi. 

“De Niro nima qilayotganini yoki nima deyayotganini mutlaqo bilmaydi – ularning ba’zilari jiddiy JINOYaT!” deb yozgan Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy media platformasida. 

Nyu York politsiya boshqarmasi oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi “Qirollarga yo‘q” norozilik namoyishida shaharning beshta tumanida 100 mingdan ortiq odam to‘planganini ma’lum qildi. 

Norozilik namoyishlari tartibsizliklarsiz o‘tmaydi, albatta. Los-Anjyelesda ikki kishi federal huquqni muhofaza qilish organlariga hujum qilgani uchun hibsga olindi, deb xabar beradi Ichki xavfsizlik departamenti. 

Reuters agentligining xabar berishicha, Dallasda ham namoyishchilarni hibsga olishgan, aksil-namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, “Qirollarga yo‘q” yurishini buzganidan keyin “kichik janjallar” boshlangan. 

Xorijdagi amerikalik muhojirlar ham Parij, London va Lissabon kabi shaharlarda norozilik namoyishlari uchun to‘plandi. 

AQShning bir nechta shtatlari Milliy gvardiyani safarbar qilgan, ammo tashkilotchilar tadbir tinch o‘tganini ta’kidlamoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri Tramp prezidentlik vakolatlari doirasini kengaytirdi, federal hukumatning ayrim qismlarini demontaj qilish uchun ijro buyruqlaridan foydalandi va shtat gubernatorlarining e’tirozlariga qaramay, AQSh shaharlariga Milliy gvardiya qo‘shinlarini joylashtirdi.

Prezident, shuningdek, ma’muriyatning yuqori lavozimli huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o‘zining siyosiy dushmanlari deb hisoblanganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Prezident o‘z harakatlari inqirozga yuz tutgan mamlakatni qayta tiklash uchun zarurligini aytadi va o‘zini diktator kabi tutayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib keladi. “Ular meni qirol deb atamoqda. Men qirol emasman”, degandi u oktyabr oyida Fox News telekanaliga bergan intervyusida. 

Ammo tanqidchilar uning ma’muriyati ba’zi harakatlari konstitutsiyaga zid va Amerika demokratiyasiga tahdid ekani haqida ogohlantirmoqda.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid