Jahon | 08:31 / 30.03.2026
1486
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya ko‘mir issiqlik elektr stansiyalari uchun cheklovlarni yumshatadi

Bu qaror AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari sabab suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishdagi noaniqliklar ortgani fonida qabul qilindi.

Foto: Bloomberg

Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi 2026 yil apreldan boshlanadigan yangi moliyaviy yil davomida 12 oyga ko‘mir IESlardan foydalanish qoidalarini yumshatadi. Bu qaror AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari sabab suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishdagi noaniqliklar ortgani bilan izohlanyapti.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi va Qatardagi yirik suyultirilgan gaz zavodining to‘xtashi Osiyo davlatlarini jiddiy xavf ostida qoldirdi. Yaponiya kabi mamlakatlar energiya importida ushbu hududga yuqori darajada bog‘liq hisoblanadi. Xususan, Tokio yiliga taxminan 4 mln tonna suyultirilgan gazni (umumiy importning qariyb 6 foizi) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali oladi. 

Bosh vazir Sanae Takaichining ma’lum qilishicha, ko‘mir stansiyalarini faollashtirish va atom energetikasini tiklash orqali mamlakat avval Ho‘rmuz bog‘ozi orqali kelgan suyultirilgan gazning taxminan 40 foizini qoplay oladi. Bu esa energiya ta’minotidagi bosimni qisman yengillashtiradi.

Ma’lumot uchun, mamlakatda elektr energiyasining qariyb 70 foizi IESlarda ishlab chiqariladi, shundan 30 foizidan ortig‘i ko‘mir hisobiga to‘g‘ri keladi. G7 sammitida Yaponiya 2035 yilgacha energetikaning katta qismini dekarbonizatsiya qilishga va’da bergandi. Shu maqsadda vodorod va ammiakni birgalikda yoqish texnologiyalari ilgari surilyapti. Yuqoridagi qaror Tokioning ekologik siyosatidan vaqtincha chekinish sifatida baholanyapti.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid