Jahon | 15:29
2501
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun to‘lov undirish rejasi ma’qullandi

Foto: Benoit Tessier / Reuters / Scanpix / LETA

Eron parlamentining xavfsizlik bo‘yicha komissiyasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tganlik uchun kemalardan boj undirilishini nazarda tutuvchi rejani ma’qulladi. Bu haqda 30 mart kuni Eronning IRIB davlat teleradiokompaniyasi komissiya a’zolaridan biriga tayanib xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, bo‘g‘ozdan AQSh yoki Isroilga aloqador kemalar o‘ta olmaydi. Bojlar Eron riyolida olinadi.

AQSh allaqachon Eronga strategik muhim ahamiyatga ega bo‘g‘ozdan o‘tganlik uchun to‘lov undirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. «[Biz] hech qachon bunga yo‘l qo‘ymaymiz», – dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio ABC uchun intervyusida.

Rubio dunyoning qolgan davlatlari buni hisobga olishi kerakligi, chunki «Amerikaga qaraganda ular uchun ko‘proq narsa xavf ostidaligi»ni qo‘shimcha qilgan. Davlat departamenti rahbarining ta’kidlashicha, AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali oladigan energiya resurslari arzimas darajada kam.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga qarshi boshlagan urushgacha jahon bo‘ylab tashiladigan neftning 20 foiz qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tardi. Eron urush boshlanishi ortidan bo‘g‘ozni deyarli to‘liq to‘sib qo‘ydi, bu esa neft bozorida jiddiy tebranishlarga olib keldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 22 mart kuni Erondan bo‘g‘oz orqali o‘tishni ochishni talab qilib, aks holda Eron elektr stansiyalari o‘qqa tutilishi bilan tahdid qildi. Ikki kun o‘tib, 24 martda Eron xalqaro tashkilotlarni Pokiston, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Iroq kabi «dushman bo‘lmagan» davlatlarning kemalari bo‘g‘ozni Tehron bilan kelishilgan holda kesib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. Tramp esa 10 ta kema o‘tkazilganini aytib, Eron elektr stansiyalariga zarba berishni kechiktirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid