Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari uydan ishlashga o‘tkazilishi mumkin
O‘zbekistonda havo sifati keskin yomonlashib ketgan paytlar uchun harakatlar tartibi (algoritmi) ishlab chiqiladi. Bunda aholini tezkor ogohlantirish, zaif guruhlarni uyda qolishga chorlash, ommaviy tadbirlarni cheklash, ta’lim muassasalarida ochiq havodagi mashg‘ulotlarni bekor qilish, davlat tashkilotlarida ish rejimini o‘zgartirish yoki masofaviy shaklga o‘tkazish kabi choralar belgilanadi.
Navoiy shahri / Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr
O‘zbekistonda atmosfera havosi sifatining keskin yomonlashishi holatlarida amal qilinishi lozim bo‘lgan harakatlar tartibi (algoritmi) ishlab chiqiladi. Bu – havo sifatini yaxshilashga oid prezident farmonida ko‘zda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, 1 oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib (algoritm) ishlab chiqiladi:
- havo sifati xavfli darajaga yetganda aholini SMS-xabarlar, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali tezkor ogohlantirish hamda xavf darajalari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berish;
- aholini himoya qilish choralari sifatida ochiq havoda bo‘lishni cheklash, ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor shaxslar uchun uyda qolish bo‘yicha tavsiyalar berish; ta’lim muassasalarida ochiq havo mashg‘ulotlarini vaqtincha bekor qilish; ommaviy tadbirlarni cheklash hamda zaruriyatga ko‘ra davlat tashkilotlarida ish rejimini o‘zgartirish yoki masofaviy shaklga o‘tkazish choralarini belgilash;
- sanoat, energetika, qurilish va transport sohalarida tezkor ta’sir choralarini qo‘llab, jumladan, ifloslanish manbalari bo‘yicha operativ nazorat tadbirlarini o‘tkazish, energetika korxonalarida mazut yoqishni cheklash (ekstremal harorat holatlari bundan mustasno), sanoat korxonalarida tashlanmalarni vaqtincha kamaytirish yoki to‘xtatish, qurilish ishlarini cheklash, transport harakatini qisqartirish va favvoralarni ishlatish, daraxtlar va yo‘l chetlarini suv sepish orqali changni bostirish kabi choralar va boshqalarni nazarda tutish.
Atmosfera havosi sifati yomonlashishi bilan bog‘liq holatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, oldini olish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2026 yil 30 dekabrgacha kiritilishi lozim.
Shuningdek, atmosfera havosi ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarda tashlamalarni cheklash tizimi joriy etiladi. Bu yo‘nalishdagi vazifalar quyidagicha:
- hududlarning yo‘l qo‘yiladigan antropogen yuklama me’yorini aniqlash, jami ruxsat etilgan tashlamalar hajmini belgilash, umumiy kvotani bosqichma-bosqich qisqartirish, tashlamalar kadastrini yuritish bo‘yicha ilmiy asoslangan uslubiyotlarini ishlab chiqish (ijro muddati – 2026 yil 1 iyul);
- atmosfera havosi ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarda tashlamalar cheklash tizimini joriy qilish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish (ijro muddati – 2026 yil 1 dekabr).
Havo ifloslanishining odam organizmiga ta’sirini o‘rganish ham ko‘zda tutilgan. Bu yo‘nalishda 2026 yil 1 noyabrgacha:
- atmosfera havosining ifloslanishi bilan aholi o‘rtasidagi kasallanish holatlari (nafas olish tizimi, yurak-qon tomir tizimi, allergik kasalliklar) o‘rtasidagi bog‘liqlik ilmiy jihatdan o‘rganiladi;
- yuqori xavfli guruhlar (bolalar, qariyalar, homilador ayollar) uchun maxsus tavsiyalar ishlab chiqiladi;
- havo ifloslanishiga nisbatan aholi salomatligiga tahdid darajasini baholaydigan xavf indikatorlari yaratilib, sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiya qilinadi.
Mavzuga oid
18:49
Botanika bog‘i hududida velosiped va samokatlar harakatlanishi taqiqlandi
17:29
Yangi uylarning tomi ham bazalt bilan qoplanadi
15:46
Toshkentda sun’iy yomg‘ir yog‘diriladi - prezident farmoni
15:29