O‘zbekiston | 08:54
695
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Shanhay o‘rtasida yangi aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi

Toshkent va Shanhay o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm, savdo va ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Foto: Uzbekistan Airports

Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi Shanhay – Toshkent – Shanhay yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi reyslarini amalga oshirishni boshladi. 30 mart kuni mazkur aviakompaniyaning MU6037 reysi mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

Ilk reys an’anaviy tarzda suv arkasi bilan kutib olindi. Samolyot bortida 265 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Shuningdek, Toshkentdan Shanhayga yo‘l olgan birinchi yo‘lovchilar ham tantanali ravishda ro‘yxatdan o‘tdi.

Yangi yo‘nalish Toshkent va Xitoyning eng yirik megapolislaridan biri — Shanhayni to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lab, sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta — dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi. Safar davomiyligi taxminan 8 soatni tashkil etadi.

China Eastern Airlines aviakompaniyasi 1988 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shtab-kvartirasi Shanhay shahrida joylashgan. Aviatashuvchi O‘zbekiston bozoriga ilk bor o‘tgan yil iyul oyida Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish orqali kirib kelgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid