Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Aslo unutmaymiz» - Amerika NATOda yakkalanib qoldi
Amerika va Isroilning Eronga qarshi urushi davom etmoqda. Oxirgi kunlarda intensivlik deyarli nolga teng. Ikki do‘st davlat Eronda tuzumni o‘zgartira olmagach, endi «urushda g‘alaba qozongani haqida» e’lon qilish payida. Hech qanday natijasiz, hatto Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmay turib. Bu orada NATO davlatlari birin-ketib Amerikadan yuz o‘gira boshladi. Yevropa davlatlari urushda qatnashayotgan Amerika samolyotlari uchun osmonini yopmoqda, buni boshqacha ta’riflab bo‘lmaydi.
Qarshilik boshida — Ispaniya
Amerika va Isroil Eronga qarshi agressiv urush boshlaganidayoq Yevropa davlatlari uni qo‘llamasligi ayon edi. To‘g‘ri, Amerikadan hayiqib bu haqda ochiq gapirmay turishdi, lekin Tramp Yevropani yerga uraverarkan ko‘hna qit’a davlatlari birin-ketin Amerikaga qarshi chiqa boshladi. Yevropa davlatlari orasida urushga qarshiligini eng oshkor bildirgan Ispaniya bo‘ldi. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches «Amerika hech qanday asossiz urush boshlagani» haqida gapirdi. Qit’a davlatlari ichida aynan Ispaniya birinchi bo‘lib Amerikaning urushda qatnashayotgan harbiy samolyotlari uchun havo kengliklarini yopdi.
Ispaniya hududida Amerikaning ikki yirik harbiy bazasi bor. Madrid urush boshlanganidan buyon u yerdan Eronga qarshi urushda foydalanishni taqiqlab qo‘ygan. Endilikda AQShdan Eronga uchayotgan Amerika harbiy samolyotlari Ispaniya osmonidan uchib o‘tolmaydi. Albatta, Ispaniyani aylanib uchish muammo emas, lekin bu yerda asosiy fakt Madrid Vashingtonga qarshi chiqayotgani.
Kuni kecha Eronga qarshi urushda qatnashayotgan Amerika samolyotlariga Italiyaga qo‘nishga ham ruxsat berilmagan. Amerika samolyotlari Sitsiliyadagi Sigonella aviabazasiga qo‘nmoqchi bo‘lgan, lekin italiyaliklar ularga ruxsat bermagan. Chunki uchoqlar qo‘nishga ruxsat so‘ramagan. Italiya tomoni Vashington va Rim o‘rtasidagi harbiy kelishuvda hech qanday o‘zgarish yo‘qligini ma’lum qildi, lekin bu hodisa Ispaniya havo kengliklarini Amerika harbiy samolyotlari uchun yopgani fonida sodir bo‘lgani ahamiyatli.
Avvalroq Fransiya Amerikadan Isroilga uchayotgan harbiy yuk ortilgan samolyotlarga o‘z hududidan uchishiga ruxsat bermagandi. Tramp Fransiyani «yomon hamkor» deb atadi va «barchasini eslab qolishini» aytdi. Madridga esa savdo aloqalarini uzish bilan tahdid qildi.
Bu voqealar fonida Britaniya bosh vaziri Kir Starmer «Bu bizning urush emas, unga tortishlariga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi. Yevropa Ittifoqi Isroilni Livandagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Xullas, kollektiv G‘arb degan tushuncha qolmadi, kamida Tramp prezidentlik davrida.
NATO parchalanmoqda
Hozir bo‘layotgan voqealarni bir so‘z bilan ifodalash mumkin: NATO parchalanmoqda, xuddi Rossiya orzu qilganidek. Rossiyaliklar Tramp prezident bo‘lganida quvongandi, lekin bunaqa bo‘lishini ular ham o‘ylab ko‘rmagandir. Trampning bir yillik boshqaruvi vaqtida Amerika va Yevropa salkam dushmanga aylandi, NATOning birdamligidan asar ham qolmadi. Vaziyat shunchalikka bordiki, Yevropa Amerikasiz harbiy ittifoq tuzish haqida o‘ylay boshladi.
Tramp Yevropa davlatlariga «men hech narsani unutmayman» deb tahdid qilmoqda. Lekin Amerika Yevropaga nima qilishi mumkin? Savdo aloqalarini to‘liq uzib qo‘yadimi? Bundan Amerika nima yutadi?
Xullas, janob Tramp ikkinchi muddatida yoki kollektiv G‘arbni parchalash degan strategiyani amalga oshirmoqda yoki Eronda urush boshlashidan oldin Yevropa uni qo‘llamasligini hisobga olmagan. O‘n yillardan keyin hech kim Donald Trampni dono strateg edi, deb eslamasa kerak. Juda qiziq davr boshlandi, azizlar. Tramp «yaqinda Erondan ketamiz» deyapti, hammasi o‘shandan keyin boshlanadi. Amerikaliklar «Bu nima edi, janob Tramp?», deb savol berishni boshlaydi. Va urush tugagach amerikaliklar yana bir savolga javob so‘raydi: Tramp uchun kimning manfaati birinchi o‘zi, Amerikaningmi yoki Isroilning? Noyabrdagi oraliq saylovlarda respublikachilar jiddiy muammoga uchrashi mumkin.
Mavzuga oid
22:52 / 01.04.2026
Tramp shaxsan AQSh Oliy sudidagi eshituvga keldi
18:28 / 01.04.2026
Xitoy asoschisi Mao haqidagi muhim ma’lumotlar aks etgan hujjatlar AQSh hududida qoladi
12:44 / 01.04.2026
Rubio: AQSh NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqadi
08:33 / 01.04.2026