Jahon | 16:48
2806
6 daqiqa o‘qiladi

Portlardagi yong‘inlar. Rossiya Ukraina hujumlaridan qanday zarar ko‘rmoqda?

Bu orqali ukrainlar Rossiya neft qimmatlashidan katta daromad ko‘rishiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda.

Foto: Vantor / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina dronlari o‘tgan haftada Rossiyaning Boltiq dengizidagi portlariga uch marta hujum uyushtirdi. 23 martga o‘tar kechasi Primorsk porti hujumga uchragan, bir necha yoqilg‘i rezervuarlari shikastlangan. Portdagi kuchli yong‘in kamida to‘rt kun davom etdi, uni Finlandiyadan ham ko‘rish mumkin edi. 25 martga o‘tar kechasi Ust-Luga portiga hujum qilindi; bu yerda ham yirik yong‘in yuzaga kelgan, Reuters ma’lumotiga ko‘ra, «Novatek» zavodida texnologik qurilmalar va yoqilg‘i saqlanadigan rezervuarlarning bir qismi yonib ketgan. Ust-Lugaga 29 mart o‘tar kechasi ham hujum uyushtirildi va yong‘in qaytadan avj oldi.

Ust-Luga va Primorsk Rossiyaning eng yirik portlari orasida mos ravishda ikkinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallaydi. Ular Boltiq dengizidagi muhim portlar sanaladi: 2025 yilda Ust-Luga orqali 130,5 million tonna, Primorsk orqali qariyb 64 million tonna yuk tashilgan. Bundan tashqari, ular Rossiya g‘arbida neft eksport qilishdagi muhim dengiz tugunlari hisoblanadi. Primorsk kuniga bir million barreldan ortiq yuk tashish imkoniyatiga ega va Rossiyaning Urals neftini sotish uchun muhim punkt hisoblanadi. Ust-Luga kuniga 700 ming barrelga yaqin neft eksportini ta’minlaydi va neft mahsulotlarini olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.

Primorsk porti, 2026 yil 23 mart
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA

Xabar qilishlaricha, Ukraina qurolli kuchlari zarbalaridan keyin Primorsk va Ust-Luga portlarida neft yuklashni vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Reuters agentligining 25 mart kungi hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu hujum tufayli Rossiyaning neft eksporti quvvatlarining taxminan 40 foizi to‘xtatilgan, bu kuniga taxminan 2 million barrel deganidir. Agentlik Primorsk va Ust-Luga orqali yuk tashishni to‘xtatilgan deb hisoblagan, Novorossiysk orqali yuk tashish esa kamaygan – Qora dengizdagi ushbu eng yirik port ham mart oyida dronlar hujumiga uchragandi. Shuningdek, agentlik «Drujba» neft quvurining janubiy tarmog‘i hali ham ishlamayotganini eslatgan, Ukraina yanvar oyi oxirida uni Rossiya dronlari hujumidan keyin ta’mirlash zarurligini ma’lum qilib, yopib qo‘ygandi.

Ukraina AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushidan keyin yuzaga kelgan energetika inqirozi sharoitida jahon bozorida muhim o‘yinchiga aylangan Rossiyaning neft eksportiga putur yetkazmoqchi. Rossiyani yuzaga kelgan sharoitning benefitsiari deb atashmoqda va Ukraina uning qimmatlashgan neft hisobiga qo‘shimcha daromad olishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda. Buning uchun Ukraina kuchlari nafaqat Rossiya portlariga, balki neftni qayta ishlash zavodlariga ham hujum qilmoqda – faqat so‘nggi bir oy ichida Leningrad oblasti, Krasnodar o‘lkasi va Boshqirdistondagi neftni qayta ishlash zavodlari zarbaga uchradi.

Ust-Luga porti, 2026 yil 27 mart
Vantor / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya neft infratuzilmasiga hujumlar tufayli kuniga 70-80 million dollar yo‘qotmoqda, dedi 27 mart kuni neft va gaz bozori bo‘yicha ekspert Boris Aronshteyn Current Time nashriga. «Ukraina qurolli kuchlari zarbalar vaqti va yo‘nalishini ideal tanladi... Rossiya eksportni oshirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. Neft qazib olishni ko‘paytirish qiyin, ammo u eksport imkoniyatlarini oshirishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari esa aynan shu rejaga aralashdi. <...> Hujumlar puxta o‘ylangani, yopirilmaligi va yo‘nalishi, shuningdek, ularni o‘tkazish vaqti – bularning barchasi birgalikda shunday effekt berdiki, shaxsan men urushning to‘rt yildan ortiq davrida bunaqasini eslay olmayman», – dedi Aronshteyn.

Primorskdagi yong‘indan chiqqan tutun ustunining sun’iy yo‘ldoshdan olingan surati, 2026 yil 24 mart
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA

Z-blogerlar portlar bo‘ylab zarbalar tufayli xavotirga tushishgan – Ust-Lugaga takroriy hujumdan keyin xavotirlar kuchaygan. «Yana Ust-Lugani vayro qilishdi. Sharmandalik!» – deya yozadi «Svarshchiki» kanali. «Yana etik bilan chotimizga tepishdi», – deya yozgan VGTRK harbiy muxbiri Aleksandr Sladkov. Boshqa Z-kanallar havo hujumidan mudofaa kuchlarining Ust-Luga va Primorskni himoyalashdagi sustkashligini tanqid qilgan. DShRG «Rusich» neonatsist kanali esa telegram to‘liq bloklanganidan keyin vayron qilingan portlarning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlari Rossiya auditoriyasiga yetib bormasligi va «harbiy boshqaruv samaradorligiga shubha uyg‘onmasligi» haqida kinoya qildi.

Yaqin Sharqdagi urush tufayli energetika inqirozi boshlanganidan so‘ng, Ukraina ba’zi hamkorlaridan Rossiya neft sektoriga kamroq zarba berishga chaqiruvchi «signallar oldi», dedi Volodimir Zelenskiy. «Yana bir bor ta’kidlayman: agar Rossiya Ukraina energetikasiga zarba bermaslikka tayyor bo‘lsa, biz ham javob qaytarmaymiz», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. U bunday signallar aynan qaysi hamkorlardan kelganiga aniqlik kiritmagan. Mart oyi o‘rtalarida dunyoda energiya narxi oshishi fonida AQSh Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni vaqtincha yumshatgan, bu esa Yevropada norozilik keltirib chiqargandi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid