Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi
Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni Toshkentdagi Milliy dendrologiya bog‘ining ilk 5 gektar maydonida manzarali ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi. Bir vaqtning o‘zida respublikaning barcha hududlarida 21 mingga yaqin aholi 164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqazdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi.
Davlat rahbari tadbirda nutq so‘zlar ekan, xalqimiz azaldan Navro‘z kunlarida, oilasida farzand tug‘ilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yo‘l chetlariga yaxshi niyat bilan ko‘chat qadab, gul ekkanini ta’kidladi.
Ana shu ezgu qadriyatlar zamirida so‘nggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup ko‘chat ekilmoqda.
O‘tgan hafta prezident imzolagan yangi farmonga muvofiq, 2030 yilga qadar mamlakatda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish bo‘yicha marra belgilandi.

Shu maqsadda Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.
Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan hozirgi sharoitda hududga mos daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyalari ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bog‘lari ushbu texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlar uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.


Prezident hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi. Ilgari “Mening bog‘im” dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 million so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 million so‘mga oshiriladi. Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin va eng muhimi, suv ta’minoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi. Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud va yashil bog‘ yaratishi uchun 412 million so‘mdan mablag‘ beriladi.
Davlat rahbari xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Bir ko‘chat – ming baraka”, “Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek” degan hikmatli so‘zlar bejiz aytilmaganini ta’kidladi. Bu kabi milliy qadriyatlarning ahamiyati bugun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan prezident mahalla raislari, keksalar, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, an’ana va qadriyatlarni yanada kengroq targ‘ib qilishga, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir ko‘cha, xonadon, yo‘l bo‘ylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh bo‘lishga chaqirdi.


Qayd qilinishicha, Toshkentda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i tashkil qilinmoqda. Bu yerdagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi.
Prezident tadbirda ishtirok etayotgan BMT O‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismoil Belen, forum Kotibiyati direktori Julet Biao, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpusi vakillari hamda barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilar bilan birgalikda Milliy dendrologiya bog‘ining ilk 5 gektar maydonida manzarali ko‘chatlar ekdi. Bu bilan bir vaqtda respublikaning barcha hududlarida 21 mingga yaqin aholi 164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqazdi.
Mavzuga oid
11:39 / 01.04.2026
Prezident yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi
20:23 / 31.03.2026
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi
18:00 / 31.03.2026
Namangan viloyati salohiyati sun’iy intellekt asosida chuqur tahlil qilinadi
18:45 / 30.03.2026