Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qrimda harbiy samolyot qulab, 30 kishi halok bo‘ldi
Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, halokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Rossiya axborot agentliklari manbalari esa samolyot qoyaga borib urilganini aytmoqda.
An-26 rusumli harbiy-transport samolyot Qrim osmonida uchish vaqtida halokatga uchradi. Uning bortida bo‘lgan ekipajning yetti a’zosi hamda 23 yo‘lovchidan hech biri omon qolmagan.
«Qidiruv-qutqaruv guruhi An-26 samolyoti halokatga uchragan joyni aniqladi. Voqea joyidan berilgan hisobotga ko‘ra, ekipajning olti a’zosi hamda bortda bo‘lgan 23 yo‘lovchi halok bo‘lgan», – deya mudofaa vazirligi bayonotidan iqtibos keltirgan «Interfaks» agentligi.
Chorshanba tongida Rossiya tergov qo‘mitasi aniqlik kiritib, hodisa oqibatida jami 30 kishi halok bo‘lgani, shundan yetti nafari – ekipaj a’zolari bo‘lganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan RF JKning 351-moddasi (uchish yoki unga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
«Samolyotga shikastlovchi ta’sir bo‘lmagan. Dastlabki baholarga ko‘ra halokat sababi – texnik nosozlik», – deyiladi mudofaa vazirligi xabarida.
Murmansk oblasti gubernatori Andrey Chibisning ma’lum qilishicha, Qrimda An-26 harbiy-transport samolyoti halokatga uchrashi oqibatida halok bo‘lganlar orasida Shimoliy flot harbiy xizmatchilari ham borligini ma’lum qildi.
U flotning aynan qancha harbiysi halok bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.
Gubernator qurbonlarning oila a’zolariga yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi 31 mart kuni soat 18:00 atrofida An-26 harbiy-transport samolyoti bilan aloqa yo‘qolganini xabar qilgandi.
Samolyot anneksiya qilingan Qrim ustidan rejali parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan.
TASS va RIA Novosti agentliklari manbalari «samolyot qoya urilib ketgani» haqida aytishgan.
Boshqa hech qanday tafsilotlar keltirilmagan.
An-26 harbiy-transport samolyoti SSSR armiyasiga 1975 yil may oyida qabul qilingan. U 1969–1986 yillarda Kiyev va Ulan-Ude aviatsiya zavodlarida ishlab chiqarilgan. Samolyot o‘rta masofalarga qo‘shin va texnikani tashish uchun mo‘ljallangan.
Bu so‘nggi yillarda An-26 ishtirokidagi birinchi halokat emas.
2020 yil sentabrida Ukrainaning Xarkiv oblasti hududida An-26 qulashi oqibatida 26 kishi halok bo‘lib, bir kishi tirik qolgan. Hodisa o‘quv-mashg‘ulot parvozi chog‘ida ro‘y bergan. Samolyot Chuhuyiv shahri atrofiga qulagandi.
2021 yil 6 iyulda esa Petropavlovsk-Kamchatskiydan Palana qishlog‘iga yo‘lovchi reysini amalga oshirayotgan shunday samolyot qulagan edi. Versiyalardan biriga ko‘ra, halokatga yomon ko‘rinish sharoitida uchuvchining xatosi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bortda bo‘lgan 28 kishining barchasi – 22 yo‘lovchi va ekipajning olti a’zosi halok bo‘lgan.
2018 yil mart oyida esa Rossiya Harbiy-havo kuchlariga tegishli An-26 samolyoti Suriyaning Lataqiya shahrida halokatga uchragan edi. O‘shanda bortda bo‘lgan 39 kishining barchasi halok bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, fojiaga samolyot zakrilkalarining nosozligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, bu esa uning keskin pastga sho‘ng‘ishiga olib kelgan.
Mavzuga oid
22:50 / 22.06.2026
Rossiyada 8 yoshli qahramon Xizir Derbichevning jasadi topildi
21:39 / 22.06.2026
Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmalaridan komissiya undirish taklif etildi
21:23 / 21.06.2026
Ukraina zarbalaridan keyin Sevastopol elektrsiz qoldi
13:34 / 21.06.2026