Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron sulh so‘raganini aytdi
AQSh prezidenti Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochadigan bo‘lsa, bu haqda o‘ylab ko‘rishini bildirgan.
Foto: EPA
Eron hukumati AQShga o‘t ochishni to‘xtatishni so‘rab murojaat qildi, dedi Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp.
«Eronning avvalgilariga qaraganda mo‘’tadilroq va aqlliroq bo‘lgan yangi rejimi prezidenti hozirgina AQShdan o‘t ochishni to‘xtatishni so‘radi! Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilib, erkin va xavfsiz bo‘lganida biz buni ko‘rib chiqamiz», – deya yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
U shu shart bajarilmagunicha AQSh Eron bo‘ylab zarbalar berishda davom etishi hamda «uni tosh asri davriga uloqtirishi»ni qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Tramp jurnalistlar qarshisida AQSh Eron bilan urushga «ikki-uch hafta»dan keyin yakun yasash niyatida ekanini, shu bilan birga, buning uchun Vashington Tehron bilan kelishuv tuzishi shart emasligini aytgandi.
«Eron bitim tuzishi shart emas, yo‘q... Balki kelishuv tuzarmiz, chunki ular kelishuv tuzishni xohlaydi. Ular bitim tuzishni mendan ko‘ra ko‘proq istaydi. Ammo juda qisqa vaqt ichida [operatsiyani] yakunlaymiz», – degandi Tramp.
U AQSh Eron bilan urushdan ko‘zlagan maqsadiga erishganini ta’kidlagan. «Ularda rejim o‘zgardi. Rejimni o‘zgartirish men qo‘ygan maqsadlarga kirmasdi. Mening maqsadim bitta edi: ularda yadro quroli bo‘lmaydi. Va bu maqsadga erishildi. Ularda yadro quroli bo‘lmaydi», – degan AQSh prezidenti.
Oq uy rahbari, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasini boshqa davlatlar hal qilishi kerakligini aytgan. «Agar Fransiya yoki boshqa biror mamlakat neft yoki gaz olmoqchi bo‘lsa, ular bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Ular to‘g‘ri o‘sha yerga boradi va o‘zlari haqida o‘zlari qayg‘ura oladi. Menimcha, aslida bu juda xavfsiz bo‘ladi, lekin bizning bunga aloqamiz yo‘q. Bo‘g‘ozda nima sodir bo‘layotgani bilan ishimiz yo‘q – biz bunga aralashmoqchi emasmiz», – degan u.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganiga bir oydan oshdi. Harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Eron jahondagi dengiz orqali eksport qilinadigan neftning beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygandi.
So‘nggi kunlarda Donald Tramp bir necha bor AQSh harbiy harakatlarni yakunlashga yaqin ekani haqida gapirdi. The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Tramp o‘z yordamchil Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasa ham urushni yakunlashga tayyorligini aytgan.
OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSh Eronga 15 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etgan. Tehrondagilar uni «bir tomonlama va adolatsiz» deb topib, Vashingtonga o‘z takliflarini yuborgan. U harbiy harakatlarni to‘xtatish, boshqa hujum qilmaslik uchun kafolat hamda yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lanishi haqidagi talablarni o‘z ichiga olgan.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi tomonlar to‘laqonli muzokaralar olib bormayotgani, faqat vositachilar orqali muloqot qilayotganini aytgan.