Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholi norozi: Toshkentda futbol maydonchasi va daraxtlarga qurilish xavf solmoqda
Poytaxtdagi yana bir yashil hududdagi daraxtlar va bolalar maydonchasi xavf ostida qolgan. Yakkasaroy tumanidagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri ularni saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bu yerda maishiy kompleks qurilishi rejalashtirilgan.
Yakkasaroydagi Yunus Rajabiy mahallasi aholisi 3,5 yildan beri bolalar sport maydonchasi va 18 ta daraxtni saqlab qolish uchun kurashmoqda, ammo tadbirkorning ham qurilishdan voz kechish niyati yo‘q. 2022 yilda auksionda tadbirkor Doniyor Yusupov tomonidan 1 milliard 300 million so‘m evaziga ofis binosi qurish sharti bilan qo‘lga kiritilgan, biroq keyinchalik loyiha o‘zgartirilib ofis, avtoturargoh, ko‘ngilochar majmua qurilishi reja qilingan.
Aholi bu qarorga qarshi sudga murojaat qilgan, bir necha bosqichli sud jarayonlaridan so‘ng 2024 yil oxirida ular foydasiga qaror chiqarilgan. Shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasida bu holat Shaharsozlik kodeksiga zid ekani aytilgan. Chunki shaharsozlik normalari va qoidalariga ko‘ra, bunday obektlar maktab-bog‘chalardan 50 metrdan kam bo‘lmagan masofada uzoq bo‘lishi kerak. Ammo qurilishi reja qilingan bino bilan tumandagi 323-bolalar bog‘chasining oralig‘i bor-yo‘g‘i 3 metr masofada loyiha qilingan.
“Bu yerda bolalar bog‘chasi bor, jajji bolachalarimiz o‘sib-ulg‘ayishiga tadbirkor quradigan bino salbiy ta’sir qilishi aniq. Bu xalqning noroziligiga sabab bo‘lyapti. Nima sababdan 1 yil-u 2 oy o‘tib shahar prokurori o‘rinbosari protest beryapti? Chunki biz sudlarda yutib chiqdik, isbotlandi bu yerda qurilish mumkin emasligi”, - deydi MFY raisi o‘rinbosari Xolida Murodova.
Biroq 2026 yil fevral oyida Bosh prokuratura ushbu qaror yuzasidan protest kiritdi. Unda aytilishicha, hududdagi 18 ta daraxt qurilish ostiga tushgan va shundan 8 ta daraxtni kesish, 2 tasini ko‘chirish 5 mln 100 ming so‘m to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin. Bunga Ekologiya qo‘mitasining ruxsati berilgan. Ammo Botanika bog‘i mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, bunday kattalikdagi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish deyarli imkonsiz. Bu ularning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Hududdagi barcha daraxtlar «Yashil makon» dasturiga kiritilgan.
Ish 3 aprel kuni qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Aholi Prezident administratsiyasiga ham murojaat yo‘llagan.
«Bu hududda issiq suv quvurlari tepadan o‘tkazilgan, chunki bu mahalla qurilgan paytda ularni pastdan yotqizishning iloji bo‘lmagan. Bu yerdagi barcha uylar taxminan 60 yil avval qurilgan uylar. Agar qurilish jarayonida qazishni boshlashsa va biron bir quvurga tegishsa, butun mahalla gaz, suv yoki kanalizatsiyasiz qoladi. Hatto telefon aloqasini ham uzib qo‘yishi mumkin», - deya ta’kidladi yana bir fuqaro.
«Bu masalada 2023 yildan beri murojaat kelib tushadi. Shunga asosan hududdagi daraxtlar xatlovga olingan. Fuqarolar ham xabardor, tadbirkorga ham ogohlantirish berilgan – daraxtlarni noqonuniy kesmaslik, ko‘chirmaslik va shikast yetkazmaslik yuzasidan. 2023 yildan beri hali hech qanaqa ekologik qonunbuzilish holatlari yo‘q. Daraxtlar kesilmagan, shikastlantirilmagan, ko‘chirilmagan. Daraxtlarni kesish yuzasidan hali murojaat kelib tushmagan. Tushgan taqdirda ham aholining fikri o‘rganiladi. Daraxtlarni saqlab qolish choralari ko‘riladi», - deya izoh berdi Ekologiya qo‘mitasi mas’uli Mirkomil Abduvohidov.
Tahririyat ikkinchi tomon fikrini eshitish maqsadida tadbirkor Doniyor Yusupov bilan bog‘landi. U ekranda ko‘rinishni istamadi, u bilan telefon suhbati yozilgan audioyozuvlardan foydalanmaslikni so‘radi. Tadbirkor qurilish futbol maydonchasi uning uchastkasi chegaralariga faqat qisman tushishini, futbol maydonchasini buzishni rejalashtirmayotganini aytib, bu hududni qonuniy xarid qilgani va soliqlar to‘lab kelayotgani, voz kechish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
Hududda faqat ekologik xavf emas, sport kelajagi uchun ham xavotir yuzaga kelgan. Chunki daraxtlarga qo‘shilib bolalar sport maydonchasining ham qo‘ldan boy berilishi futbolni rivojlantirish haqidagi qonunlarga ham zid. Prezident qarori bilan har bir mahallada futbol maydoni joriy qilish, davlatga qarashli stadionlar va futbol maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish va sotish taqiqlangan.
Hozircha yakuniy qarorni sud hal qilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
09:13 / 01.04.2026
Ekologik choralar endi faqat Toshkent bilan cheklanmaydi
18:49 / 31.03.2026
Botanika bog‘i hududida velosiped va samokatlar harakatlanishi taqiqlandi
17:29 / 31.03.2026
Yangi uylarning tomi ham bazalt bilan qoplanadi
16:48 / 31.03.2026