O‘zbekiston | 08:39 / 04.04.2026
1583
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi kuchaytiriladi

Qishloq va suv xo‘jaligi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, ta’lim jarayoni xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilinib, yangi o‘quv yo‘nalishlari va tashkiliy tuzilmalar joriy etiladi.

Prezidentning 2026 yil 2 apreldagi PQ–122-son qaroriga muvofiq, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti huzurida 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab mahalliy va xorijiy talabalar uchun maxsus tayyorlov kursi tashkil etiladi. Ushbu kurs STEAM fanlari, til bilimlari, akademik yozish hamda milliy strategik mezonlar bo‘yicha bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bir yillik muddatda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2027-2028 o‘quv yilidan boshlab mazkur tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan, ya’ni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “5 (a’lo)” va “4 (yaxshi)” bo‘lgan bitiruvchilar universitetga imtihon asosida to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Shuningdek, “texnikum–oliygoh” tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi universitetga biriktirilib, uning binosida Umummuhandislik fakulteti tashkil etiladi. Bu esa o‘rta maxsus va oliy ta’lim o‘rtasida uzviylikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq, universitetdagi “Suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligi “Xalqaro suv diplomatiyasi” deb qayta nomlanadi. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilariga “Xalqaro suv munosabatlari sohasida mutaxassis” kvalifikatsiyasi berilishi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid