O‘zbekiston | 08:47
3271
2 daqiqa o‘qiladi

FVV: “Beshqo‘rg‘on”dagi yong‘inda jabrlanganlar yo‘q

Ijtimoiy tarmoqlarda “Beshqo‘rg‘on” savdo majmuasidagi yong‘inda jabrlanganlar borligi haqida tarqalgan xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy ma’lumot berib, hodisa oqibatida hech kim jarohat olmaganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

FVV xabariga ko‘ra, “Beshqo‘rg‘on” savdo majmuasida yuz bergan yong‘in tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Hodisa joyiga yetib kelgan qutqaruv va yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tomonidan yong‘in qisqa vaqt ichida nazoratga olinib, keng hududga tarqalishining oldi olingan.

Vazirlik ta’kidlashicha, yong‘in oqibatida fuqarolar orasida jabrlanganlar yo‘q. Shu bilan birga, hodisa sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

FVV ayrim ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “jabrlanganlar bor” mazmunidagi xabarlar asossiz ekanini qayd etib, ommaviy axborot vositalari va blogerlarni axborot tarqatishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

5 aprel kuni Toshkent shahridagi «Beshqo‘rg‘on» bozorida kuchli yong‘in chiqqandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bozor hududida quyuq qora tutun ustuni osmonga ko‘tarilgani aks etgan behisob videolar tarqalgan. Kadrlarda odamlar bozor ichkarisidan o‘z tovar va mashinalarini olib chiqishga shoshilganini ko‘rish mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berishicha, soat 15:56 da Chilonzor tumani, Toshkent katta halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida joylashgan «Beshqo‘rg‘on» bozorida do‘kon yonayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan va yong‘inni o‘chirishga kirishgan. Yong‘in joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikromov yetib borgan.

Yong‘in soat 18:18 da o‘chirildi. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid