O‘zbekiston | 16:08
3868
2 daqiqa o‘qiladi

«Beshqo‘rg‘on» bozori yong‘indan keyin vaqtincha yopildi

Chilonzordagi «Beshqo‘rg‘on» bozori va uning yaqinidagi zapravka yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani uchun yopildi. FVV tekshiruvida majmuadagi yong‘in o‘chirish tizimi ishlamayotgani va boshqa jiddiy kamchiliklar aniqladi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahri Chilonzor tumanida yirik yong‘in sodir bo‘lgan «Beshqo‘rg‘on» bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

5 aprel kuni bozorda yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Yong‘inni o‘chirish ishlari 2,5 soatga yaqin davom etgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda bozor hududida quyuq tutun ustuni ko‘tarilgani, odamlar o‘z mulkini qutqarishga harakat qilayotgani aks etgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan. FVV zarar miqdoriga aniqlik kiritmagan. Ammo majmuaning 3000 kv.m maydoni va moddiy boyliklari, shuningdek, unga tutash bo‘lgan hududdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda 5 qavatli avtoturargoh yong‘indan saqlab qolingani ma’lum qilingan.

Shundan so‘ng Toshkent shahri FVBB tomonidan majmua hududi va uning atrofidagi yonilg‘i quyish shoxobchasi tegishli tartibda tekshirilgan.

Tekshiruv davomida zapravkada yonilg‘i saqlash sig‘imiga yaqin masofada joylashgan binodan omborxona sifatida foydalanilayotgani, savdo kompleksi binosidagi mavjud avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi nosoz holatda ekani va shunga o‘xshash bir nechta yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.

Barcha kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar ularning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid