Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Argentina prezidenti kriptofiribgarlikda gumon qilinmoqda
Xaver Miley Libra kriptovalutasi haqida ijtimoiy tarmoqda xabar e’lon qilib, Argentinadagi kichik biznesni moliyalashtirishga yordam berishini aytganidan keyin mojaro boshlangan edi.
Foto: Bloomberg
Argentina prezidenti Xaver Miley o‘tgan yili o‘zi ilgari surgan Libra kriptovalutasi atrofidagi janjal markazida qoldi, deb yozdi The New York Times. U Libra kriptovalutasi haqida ijtimoiy tarmoqda xabar e’lon qilib, Argentinadagi kichik biznesni moliyalashtirishga yordam berishini aytganidan keyin mojaro boshlangan edi. Mileyning xabaridan so‘ng investorlar tokenni sotib olishni boshladi: uning narxi bir necha soat ichida ko‘tarilib ketdi, ammo keyinchalik, yirik sarmoyadorlar o‘z pozitsiyalarini sotganidan so‘ng, narx quladi. Natijada investorlar 250 million dollar zarar ko‘rdi.
Mileyning ta’kidlashicha, u faqat X akkauntida xususiy loyihani tilga olgan va tokenning o‘ziga aloqasi yo‘q edi. Ammo tergov materiallaridagi telefon yozuvlariga ko‘ra, 2025 yil 14 fevralda Libra ishga tushirilgan tunda Miley va argentinalik tadbirkor Maurisio Novelli o‘rtasida yettita telefon suhbati bo‘lib o‘tgan. Kripto loyihasi tashkilotchilari bilan bo‘lgan qo‘ng‘iroqlarning bir qismi prezidentning X ijtimoiy tarmog‘idagi postigacha, bir qismi esa undan keyin bo‘lgan. Suhbatlarning mazmuni noma’lum, ammo aloqalarning o‘zi Miley va firibgarlik tashkilotchilari o‘rtasidagi ehtimoliy aloqani ko‘rsatadi.
Miley allaqachon tergov uchun qiziqish uyg‘otadigan shaxs sifatida ishda ishtirok etmoqda. Ammo hozircha unga rasmiy ayblovlar qo‘yilmagan. Prezidentning o‘zidan tashqari, tergov materiallarida uning singlisi Karina Miley, maslahatchi Santyago Kaputo va uning atrofidagi boshqa odamlar ham tilga olingan.
The New York Times nashrining yozishicha, tergov Novelli Mileyga avval ham muntazam ravishda pul to‘lab turgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni ham o‘rganmoqda. 2023 yilgi WhatsApp ovozli xabarlarida Novelli yordamchisiga «Miley uchun 2000 dollar» haqida aytadi va bu summani oylik maosh deb atagan. 2024 yil aprel oyida, Miley prezidentlik lavozimiga kirishganidan bir necha oy o‘tgach, yana bir audio xabarda Novelli «Karinaga berilishi kerak bo‘lgan 4000» dollarni tilga oladi. Taxminlarga ko‘ra, gap prezidentning singlisi Karina Miley haqida ketmoqda.
Gazetaning ta’kidlashicha, janjal 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish va’dalari bilan hokimiyatga kelgan Mileyning siyosiy qiyofasiga zarba beradi.
Vaziyatni Miley ma’muriyati atrofidagi boshqa mojarolar ham murakkablashtiradi. Argentina ommaviy axborot vositalari avvalroq uning singlisi va bosh maslahatchisi Karina Miley poraxo‘rlikda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi audioyozuvni e’lon qilgan edi. Yozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagan, prezidentning o‘zi esa manba yolg‘on ekanligini aytdi. Vazirlar Mahkamasi rahbari Manuel Adorni ham sayohat va xarajatlarga ortiqcha mablag‘ sarflaganlikda ayblanib, prokuror tekshiruvi ostida. U ham ayblovlarni rad etmoqda.
Mavzuga oid
18:16 / 08.04.2026
Sanjar Karimov ishi sudga chiqdi
12:57 / 04.04.2026
Toshkentda yer sotuvi ortidagi firibgarlik sxemasi ochildi
11:13 / 02.04.2026
Kun.uz ogohlantirgandi: “Global avto” firibgarlik sxemasi ekani tasdiqlanmoqda
18:54 / 27.03.2026