Jahon | 19:57 / 08.04.2026
3383
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livan bo‘ylab kuchli zarbalar yog‘dirdi

AQSh Eronni bombalashni to‘xtatganiga va tinchlik muzokaralaridagi vositachi bo‘lgan Pokistonning harbiy harakatlar butun front bo‘ylab to‘xtatilishi kerakligi haqidagi bayonotiga qaramay, Isroil Livan janubiga zarbalar berishni davom ettirdi. 10 daqiqa ichida 100 dan ortiq obektga hujum qilingan.

8 aprel kuni Livan poytaxti Bayrutga, shuningdek, mamlakat janubidagi Tir va Nabatiya shaharlari atrofiga Isroil harbiylari tomonidan havo zarbalari yo‘llandi. Bu AQSh va Eron o‘rtasida sulh tuzilgani e’lon qilinishidan bir necha soat o‘tib ro‘y berdi.

Isroil mudofaa armiyasi «Hizbulloh»ning Livandagi qo‘mondonlik markazlari hamda harbiy obektlariga zarbalar yo‘llaganini ma’lum qilgan.

Isroil harbiylariga ko‘ra, 10 daqiqa ichida 100 dan ortiq obektga hujum qilingan. Bu Isroilning «O‘kiruvchi sher» nomini olgan amaliyot (Isroil Eron va Livanga qarshi harbiy amaliyotini shunday atagan) doirasida amalga oshirilgan eng keng qamrovli hujum bo‘ldi.

Isroil tomoni «bir necha hafta davomida sinchiklab rejalashtirilgan» amaliyot doirasida «aniq razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda» zarbalar yo‘llaganini qayd etgan.

Xabarda nishonga olingan obektlar aholi yashash manzillarida bo‘lgani, «Hizbulloh» shu tariqa tinch aholidan «tirik qalqon» sifatida foydalanayotgani ta’kidlangan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi «Al-Jazira» telekanaliga Isroilning so‘nggi zarbalari oqibatida yuzlab kishilar yaralangani va halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

Isroil esa «Hizbulloh» pozitsiyalarini o‘qqa tutishdan oldin Livan janubida yashovchi aholiga evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirishlar yuborganini iddao qilgan. 

Sulh Livan uchun amal qilmayapti

Bu voqealar Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv Isroilning Livandagi «Hizbulloh» guruhiga qarshi harbiy harakatlariga nechog‘liq taalluqli bo‘lishi borasidagi noaniqlik fonida ro‘y bermoqda.

Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning Eron bo‘ylab zarbalar berishni ikki haftaga to‘xtatish qarorini qo‘llab-quvvatlagan. Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat armiyasi Livan bo‘ylab zarba berishda davom etishi, chunki Eron bilan urushdagi sulh Livan uchun qo‘llanmasligini aytgan.

Bu esa AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik sulhida vositachilik qilgan Pokiston hukumatining bayonotiga zid keladi, unda Livan yo‘nalishidagi harbiy harakatlar ham to‘xtatilishi haqida gap ketgan. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Eron va AQSh o‘rtasidagi ikki haftalik yarashuv «hamma joyda, shu jumladan Livanda ham amal qilishi»ni bildirgan.

«Hizbulloh» Yaqin Sharqdagi sulh doirasida Isroil shimolini o‘qqa tutishni to‘xtatgan. 2 mart kuni Isroilga zarba berish orqali Yaqin Sharqdagi urushga tortilgan ushbu guruh so‘nggi bir kunga yaqin vaqt davomida hech qanday amaliyot to‘g‘risida xabar bermadi.

«Hizbulloh» hozircha Isroil tomonidan yo‘llangan yangi zarbalar yuzasidan munosabat bildirmadi. AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida otashkesim e’lon qilingach, Livan hukumati «mamlakatni mintaqaviy tinchlikka qo‘shish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilishi»ni ma’lum qildi.

Ammo o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinganidan ko‘p vaqt o‘tmay Isroil «Hizbulloh»ga qarshi harbiy harakatlarini to‘xtatmoqchi emasligi ma’lum bo‘ldi. Chorshanba kuni Isroil harbiylari Bayrutning janubiy chekkalarida yashovchi aholini xavfsiz joylarga ketish to‘g‘risida ogohlantirdi – bu Vashington otashkesim haqida e’lon qilganidan keyingi qisqa muddat ichida Livan aholisi uchinchi marta ogohlantirilishi bo‘ldi.

«Livanga qarshi harbiy harakatlar to‘xtatilishi kerak»

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tinchlik sulhini olqishlarkan, shunday dedi: «Biz sulh Livanga ham to‘liq tatbiq etilishini xohlaymiz».

Ispaniya tashqi ishlar vazirligi Vashington va Tehron ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganidan so‘ng ham Isroil Livanga zarbalar berishiga toqatsizlik bildirdi.

«Harakatlar butun front bo‘ylab to‘xtatilishi kerak va bu Livanga qarshi harbiy harakatlar ham to‘xtatilishi kerakligini anglatadi. Isroilning urushi, Isroilning Livandek suveren davlatga bosqini davom etishini qabul qilib bo‘lmaydi», – degan Xose Manuel Albares RNE radiosi efirida.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik sulhini «yaxshi yangilik» deb atagan, ammo Ispaniya buni «olqishlay olmasligi»ni bildirgan. «Dunyoga o‘t qo‘yib, keyin bir chelak suv ko‘tarib kelganlarga qarsak chalmaymiz», – deydi u.

Livan hukumatiga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida so‘nggi haftaning o‘zida 1500 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan 130 nafari bolalar.

1,2 mln dan ortiq kishi (bu esa mamlakat aholisining beshdan bir qismi degani) o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Bular asosan mamlakatning janubiy hududlari aholisidir.

Chorshanba kuni AFP muxbiri Livan janubida o‘z uyiga qaytishga harakat qilayotgan kishilar bilan uchrashgan. Ammo Livan armiyasi harbiylari hozircha Isroil tomonidan o‘qqa tutilayotgan hududlarga qaytish xavfli ekanidan ogohlantirgan.

Bayrut shahrining janubiy chekkasi, Isroil zarbalarining doimiy nishoni hisoblangan hudud kimsasiz bo‘lib qolgan, deya xabar qiladi AFP muxbiri. Ushbu hudud aholisi «Hizbulloh»ning xavf arigani va uylarga qaytish mumkinligi haqidagi rasmiy bayonotini kutishmoqda.

Otashkesim e’lon qilinishiga oz vaqt qolganida Livan janubidagi Sidon shahriga Isroil tomonidan zarba berilishi oqibatida ham sakkiz kishi halok bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid