Jahon | 09:29
1318
5 daqiqa o‘qiladi

Isroilning Livanga zarbasi: o‘nlab qurbonlar qayd etildi

Isroil harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, Bayrutda, shuningdek Livanning sharqi va janubida «Hizbulloh» guruhiga tegishli 100 dan ortiq nishonga zarba berilgan. Eron e’tiroz sifatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana yopdi.

Foto: Aziz Taher / Reuters

Isroil Livanga qarshi ommaviy zarbalar berishda davom etmoqda. Isroil armiyasi vakili 8 aprel, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, o‘n daqiqa ichida Livan poytaxti Bayrutda, shuningdek mamlakatning sharqiy va janubiy hududlarida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» harakatiga tegishli 100 dan ortiq qo‘mondonlik markazlari va harbiy bazalarga zarba berilgan. Hujumda qariyb 50 ta Isroil qiruvchi samolyoti ishtirok etgan.

Livan xavfsizlik xizmatlaridagi manbalar 150 dan ortiq zarba haqida xabar berdi, ularning ko‘pchiligi Bayrutda qayd etilgan. Isroil armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hujum nishoniga aylangan «Hizbulloh» infratuzilmasining katta qismi turar joy hududlarida joylashgan bo‘lgan. Isroil armiyasi matbuot kotibi Nadav Shoshanining aytishicha, «Hizbulloh» endi Livanning ilgari uning tayanch hududlari hisoblanmagan joylarida ham harakat qilmoqda.

O‘z navbatida, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats videomurojaatida buni 2024 yil sentabridan beri «Hizbulloh»ga qarshi eng ommaviy zarba deb atadi. O‘shanda Livanda bir vaqtning o‘zida minglab peyjyer va ratsiyalar portlagan, oqibatda o‘nlab odam halok bo‘lgan va minglab kishilar yaralangan edi. Qurbonlarning aksariyati guruh a’zolari bo‘lgan.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kamida 89 kishi halok bo‘lgan, 700 dan ortiq odam jarohat olgan, odamlar hali ham vayronalar ostida qolmoqda. Livan Qizil Xoch jamiyati 100 dan ortiq tez yordam mashinasi yo‘llarda yaralanganlarni shifoxonalarga olib ketayotganini ma’lum qildi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi yirik tirbandliklar tufayli fuqarolarni tez yordam mashinalari uchun yo‘llarni bo‘shatishga chaqirdi.

Livan bosh vaziri Navof Salom Isroil hujumlari aholi zich yashaydigan turar joylarga ham teggani va bir nechta hududda, ayniqsa Bayrutda qurolsiz tinch aholi o‘limiga sabab bo‘lganini bildirdi.

Livanga zarbalar AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi doirasida joriy etilgan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga qaramay amalga oshirilmoqda. Isroil hukumati sulhni qo‘llab-quvvatlashini, ammo bu kelishuv Livandagi «Hizbulloh»ga qarshi kurashga taalluqli emasligini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Eron urushidagi sulh Livanga tatbiq etilmasligi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.

«Biz Livandagi vaziyatni o‘zgartirish va shimol aholisiga tahdidni bartaraf etish uchun Eron va Livandagi harbiy harakatlar maydonlarini ajratib ko‘rishda qat’iy turdik», — dedi mudofaa vaziri Kats. «Hizbulloh» rahbari Naim Qosim haqida gapirar ekan, Kats Isroil uni «Eronni qo‘llab-quvvatlab Isroilga hujum qilgani uchun “Hizbulloh” juda yuqori badal to‘lashidan» ogohlantirganini qo‘shimcha qildi.

«Bugun biz bu va’daning yana bir bosqichini bajardik», — dedi u.

Eronning Fars agentligi chorshanba kuni Tehron Livanda «Hizbulloh»ga qarshi davom etayotgan hujumlar sabab AQSh bilan kelishilgan sulhdan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. Shu bilan birga, Fars ma’lumotiga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan harbiy amaldor Isroilga yangi zarbalar bilan tahdid qilgan. Agentlik yana shuni ma’lum qildiki, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali atigi ikki neft tankeri o‘tgan, shundan keyin Isroilning Livanga yangi zarbalariga norozilik sifatida kema harakati yana to‘xtatilgan.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi mart oyida Livanga ham yoyildi. O‘shanda «Hizbulloh» Tehronni qo‘llab-quvvatlab, Isroil shimoliga hujumlar boshlagan edi. Isroil harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, bir oy ichida jangchilar Isroildagi nishonlar bo‘yicha qariyb 6000 ta raketa, minomyot snaryadi va dron uchirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid