O‘zbekiston | 16:19
11036
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda bolalarni urib, haqoratlagan tarbiyachi qamoqqa olindi

U bolalarni muntazam ravishda kaltaklab kelishi aniqlangan.

Foto: Videodan kadr

Navoiy shahridagi xususiy bog‘chalardan birida bolalarga qo‘pol muomala qilib, ularni urgan tarbiyachi ushlandi va tergov izolyatoriga joylashtirildi.

Navoiy viloyati IIB tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlarida aniqlanishicha, voqea 7 aprel kuni Navoiy shahri Yangiariq mahallasida joylashgan xususiy bog‘chada sodir bo‘lgan.

23 yoshli tarbiyachi Ye.N. o‘z qaramog‘idagi bolalarni «tartibga solish» bahonasida kaltaklagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda u bolalarga baqirgani, siltab tortib, urgani va tepganini ko‘rish mumkin.

O‘rganishlar davomida u bolalarni muntazam ravishda do‘pposlab kelgani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Ye.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u gumonlanuvchi tariqasida ushlangan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov yakunlari bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishi ma’lum qilingan.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, mazkur holat aniqlangan ta’lim muassasasining (Navoiy shahridagi Amin kids xususiy bog‘chasi) faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid