Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
7 mlrdlik zarar: Navoiyda oltin qazuvchilar ushlandi
Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda oltin qazib olish bilan shug‘ullangan ikki holat fosh etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida katta miqdordagi oltin moddalari, kimyoviy vositalar va maxsus uskunalar musodara qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 7 mlrd so‘mdan oshadi.
Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, davlat zaxirasidagi yerlarda oltin saqlovchi rudalarni noqonuniy qazib olib, ularni kimyoviy qayta ishlash bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu guruhga Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan shaxs boshchilik qilgan. U Karmana tumanidagi parrandachilik xo‘jaligi binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 qopda oltin moddasi mavjud qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, maxsus laboratoriya jihozi, gaz ballonlari va boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Navbahor tumanida aniqlangan yana bir holatda mahalliy MChJ rahbari soxta ruxsatnoma asosida “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida 19 nafar shaxsni jalb etgan holda oltin qazib olish ishlarini tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat bo‘yicha 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq oltin saqlovchi rudalar, kimyoviy vositalar, yuk avtomobillari va maxsus texnikalar musodara qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, ekologiya va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Mavzuga oid
20:27 / 08.04.2026
Navoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
16:48 / 31.03.2026
Havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari uydan ishlashga o‘tkazilishi mumkin
22:54 / 30.03.2026
Navoiyda onlayn qimorga yutqazgan yigit qarzdan chiqish uchun Rossiya armiyasiga yollanishga qaror qildi
12:30 / 14.03.2026