Jahon | 12:48
3967
5 daqiqa o‘qiladi

Uchuvchi Eron tog‘larida: «Trampni qutqarish» operatsiyasi haqida

Amerikalik uchuvchini Eron tog‘laridan qutqarish operatsiyasi tillarda doston bo‘ldi. Axir bunaqasini kinolarda ham ko‘rish qiyin. Amerika F-15 pilotini qutqarish uchun juda katta kuch va pul sarfladi. Chunki u asir tushsa, urushning «oyog‘i osmondan bo‘lib ketardi». Bu amalda «Trampni qutqarish» amaliyotiga aylanib ketdi.

O‘zgacha urush

Oxirgi yillarda dunyoda juda ko‘p urushlar avj oldi. Aslida hamma urushlar asosida ochko‘zlik, xudbinlik va boshqalardan ustunman deb o‘ylash turadi. Lekin baribir urushlarning farqli jihatlari bo‘ladi. Uchuvchini qutqarish amaliyoti misolida buni tushuntirishga harakat qilamiz.

Aytaylik, Rossiya Ukrainaning qiruvchi samolyotini urib tushirsa-yu, ukrain uchuvchi ruslar qo‘lida asir tushsa, nima bo‘ladi? Yoki Ukraina Rossiya samolyotini urib, katapulta bo‘lgan rus uchuvchini asir olsa-chi? Ishoning, hech narsa bo‘lmaydi. Ukraina va Rossiya kunda asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazadi, kecha ham jasadlar almashishdi. Har ikki davlatda bir-birining minglab asirlari bor, bir uchuvchini asir olgan bilan hech nima o‘zgarmaydi.

Endi aytaylik, Amerika Eron samolyotini urib, uning uchuvchisini asir olsa, nima bo‘ladi? Yana o‘sha javob – hech nima bo‘lmaydi. Amerika xohlasa, istalgan miqdordagi eronlik harbiylarni asir olishi mumkin, bunga imkoni yetadi. Endi boyagi savolni AQSh misolida takrorlayman: Eron Amerika samolyotini urib, parashyutdan o‘zini tashlagan amerikalik uchuvchini asir olsa, nima bo‘lardi? Dahshat bo‘lardi. Amerika va Isroil Eronda boshlagan urushning «oyog‘i osmondan» bo‘lib ketardi.

Tasavvur qiling, eronliklar amerikalik uchuvchini kamera qarshisiga olib chiqib, butun dunyodan jurnalistlarni chaqirib matbuot anjumani o‘tkazmoqda. Biroz mubolag‘a jazm qiladigan bo‘lsak, uchuvchi kamera qarshisida o‘zini tanishtirib, Amerika harbiy havo kuchlari polkovnigi ekanini aytgan vaqtda amalda Trampning prezidentligi tugagan bo‘lardi. Hech qanday propaganda bunaqa sharmandalikni oqlab berolmasdi. To‘g‘ri, biroz bo‘rttirib gapirdim, lekin ishoning, shundog‘am amaldagi prezidentni tanqid qilayotgan fuqaro amerikalik ofitser Eronda asir tushishini kechirmasdi.

Nima, boshqa davlatdagilar asir tushsa, hech nima qilmaydi-yu, amerikaliklar asir tushsa, osmon uzilib yerga tushadimi, vahima qilma, deyotgandirsiz. Lekin gap asir tushgan odamning pasportida emas, gap jamiyatda. Rossiyada hech kim Putindan hisob so‘ramaydi, so‘rolmaydi. Zelenskiydan ham xalqi «Pane prezidente, nega harbiylar asir tushyapti?» deb so‘ramaydi. Urush axir, Rossiya bosqin avvalida Kiyev biqinigacha kelgandi.

Lekin Amerika jamiyati butunlay boshqacha. Tramp har qancha o‘zini podshohi olamday tutmasin, xalqi uni sudda ko‘rsatma berishga ham majbur qila oladi. Amerika davlati va Amerika jamiyati ayri tushuncha. Amerika davlati butun dunyo nima deyishiga tupurib, istagan davlatida urush boshlashi mumkin, lekin demokratiyani o‘zining eng qimmatli boyligi deb biladigan Amerika jamiyati doim nohaqlikka e’tiroz bildirib kelgan. Oxirgi yillardagi eng yirik namoyishlarda millionlab amerikaliklar Trampni nimalar deb chiqmadi deysiz.

Tramp Eronga hech kimdan, o‘sha xalqidan ham so‘ramay, Isroil bilan maslahat qilib urush boshladi, «Eron yadro quroli yasayotgandi va bu qurol shubhasiz bizga otilardi», deb urushni oqlashga urindi, «47 yildan beri «Amerikaga o‘lim» deb baqiradigan tuzumni yo‘qotamiz, bunga qachongacha chidaymiz?» deb o‘z operatsiyasi uchinchi jahon urushining oldini olganini iddao qildi.

Sem amaki va jiyanlari bu boloxonador bayonotlarga oshib borsa namoyish bilan norozilik bildirdi. Lekin biz yuqorida aytgan hodisa yuz bersa, eronlik uchuvchi qo‘li bog‘langan ko‘yi, mahbuslar libosida kamera qarshisiga olib kelinganda Tramp namoyish bilan qutulib qolishi qiyin bo‘lardi. Buni juda yaxshi bilgan Amerika prezidenti birgina odamni qutqarish uchun butun Amerika harbiylarini oyoqqa turg‘izdi, millionlab dollar turadigan samolyotlarni portlatib yubordi.

Albatta, Amerika o‘z harbiylarini tashlab qo‘ymasligi, bu davlatda inson qadri juda baland ekaniga shubha yo‘q. Lekin o‘sha operatsiya bilan Tramp avvalo o‘z siyosiy karerasini saqlab qoldi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid