Jahon | 07:47
5392
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo xaritasidagi eng ulkan ma’muriy hududlar

Ayrim davlatlarning mintaqalari va qaram hududlari hajmi jihatidan nisbatan katta va aholisi ko‘p mamlakatlar bilan taqqoslash mumkin. Yangi infografikaga dunyodagi eng yirik hududiy birliklar kiritilgan.

Foto: Getty Images

Viloyatlar, avtonom hududlar, o‘lkalar, shtatlar — bularning barchasi mamlakatlarning ma’muriy-hududiy birliklaridir. Ular tarixiy, geografik, iqtisodiy va etnik omillarni hisobga olgan holda shakllantiriladi.

Dunyodagi eng katta hududiy birlik Rossiyada joylashgan — Saxa Respublikasi (Yoqutiston). Uning maydoni 3,08 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu ko‘rsatkich aholi soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadigan mamlakat — Hindiston maydoniga yaqin (qariyb 3,3 million kvadrat kilometr).

Ikkinchi o‘rinni G‘arbiy Avstraliya egallagan, uning maydoni 2,6 million kvadrat kilometrdan ziyod. Taqqoslash uchun, Qozog‘iston maydoni taxminan 2,7 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Uchlikni Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi yakunlaydi — 2,3 million kvadrat kilometr.

Grenlandiya dunyoda maydoni bo‘yicha eng yirik oroldir. Ushbu reytingda Daniyaning 2,1 million kvadrat kilometrdan ortiq hududni egallagan avtonom hududi to‘rtinchi o‘rinni olgan.

Kanada dunyo mamlakatlari orasida maydoni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Uning ma’muriy-hududiy birliklaridan Nunavut reytingning beshinchi pog‘onasidan joy olgan. Uning ortidan yana Avstraliyaning Kvinslend hududi keladi. Alyaska (AQSh) yettinchi o‘rinni egallagan. Reytingdan Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni ham o‘rin olgan.

Shuningdek, dunyodagi eng yirik 12 ta ma’muriy hudud qatoriga Amazonas (Braziliya), Kvebek (Kanada), Avstraliyaning Shimoliy hududi va Kanadaning Shimoliy-G‘arbiy hududlari ham kirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid