Jahon | 22:47 / 14.04.2026
1456
7 daqiqa o‘qiladi

Orban yutqazdi. Tramp, Putin va Netanyahuning qo‘lloviga qaramay

Azizlar, dunyo siyosatida tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Viktor Orban Rossiya, Amerika va Isroil qo‘lloviga ega bo‘laturib saylovni yutqazgan ilk siyosatchiga aylandi.

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens amerikalik soliq to‘lovchilar puliga sotib olingan bir nechta samolyotni ovora qilib saylov arafasida Vengriyaga bordi. «Biz Viktor Orban va uning partiyasini qo‘llaymiz», dedi. Tramp «Orbanni yaxshi ko‘rishini» aytdi. Amerika qaysidir nomzodni saylovda bunaqa darajada qo‘llashi yangilik.

Vashington kimnidir saylov oldidan qo‘llab chiqdimi, demak mamlakat siyosatchilari, razvedkasi, xullas holatdan xabardor chinovniklar saylovda o‘sha tomon g‘alaba qozonadi deb xulosa bergan bo‘ladi. Amerikaday davlatlar hech qachon mag‘lublarni qo‘llamaydi. Lekin mojarlar Tramp qo‘llagan Orbanning partiyasiga emas, Peter Madyar boshchilik muxolif partiyaga ovoz berishdi. Mag‘lubni qo‘llagan Jyey Di Vens va Donald Trampga qanday ta’rif berishni o‘zingizga havola qilamiz.

Urush boshlangach Vengriya Rossiyaning Yevropadagi eng asosiy ittifoqchisiga aylandi. Rossiyaga qarshi sanksiyalar, Ukrainaga yordam paketlarini aynan ular to‘sib keldi. Orban Yevropa minbarlarida ochiqchasiga Rossiya manfaati uchun harakat qildi. Hatto ittifoqdagilar Orban bor majlislarda bemalol gaplasha olishmagan, chunki uning odamlari tafsilotlarni oqizmay-tomizmay Rossiyaga yetkazib turgan.

Yaqinda tarqalib ketgan Peter Siyyarto va Sergey Lavrov o‘rtasidagi telefon suhbati ko‘p narsadan darak beradi. Aytgancha, katta ehtimol yevropaliklar o‘sha ikki yil oldingi suhbatni bejizga saylov arafasida sizdirishmadi. Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, mojarlar Orban partiyasi saylovda yengilganidan keyin ko‘chalarda «ruszkik haza» deb baqirib yurishdi. Mojarchada bu «ruslar, uyingizga» degani. 1956 yil Vengriyada sodir bo‘lgan tarixiy inqilobning shiori aynan shunday bo‘lgan. Bu anti Rossiyacha shior emas, revolyutsiya vaqti sovet hukumatiga, hozir esa Putin hukumatining Vengriyaga ta’siriga qarshi aytilgan shior. Viktor Orban mag‘lubiyatining asosiy sababi aynan uning Rossiya bilan favqulodda iliq munosabatlari bo‘ldi.

Endi Isroil qo‘llovi haqida. Albatta, Isroil saylov oldidan Orbanni qo‘llab, hukumat a’zolaridan hech kimni Budapeshtga yuborgani yo‘q (baribir yahudiylarning razvedkasi yaxshi ishlaydi). Biroq Orban Netanyahu bilan juda iliq munosabatda bo‘lgani bor gap. Vengriya bosh vaziri aynan Netanyahuni hibsga olishga order berganidan keyin Xalqaro jinoyat sudi talablarini bajarishni majburlovchi Rim statutidan chiqib ketgandi. Chunki bu kelishuvga rozi bo‘lgan davlatlar Netanyahuni urush jinoyatida aybdor sifatida hibsga olishi kerak edi. Orban buni ahmoqlik deb atagan, uning taklifi bilan Netanyahu Budapeshtga borgandi. Saylovdan keyin ham Netanyahu Orbanni «Isroilning haqiqiy do‘sti» deb atadi.

Vengriya Yevropadagi eng ko‘p yahudiylar yashaydigan davlatlardan biri. Shu sabab bu davlatning Isroil bilan yaqin munosabatini tushunish mumkin. Aytgancha, bo‘lajak bosh vazir Madyar Vengriyani Xalqaro jinoyat sudi bo‘yicha kelishuvga qaytarishini aytdi. Shuningdek, mamlakatda antisemitizmga yo‘l qo‘yilmasligi barobarida Isroilni har qanday holatda qo‘llash prinsipini qayta ko‘rib chiqishini ta’kidladi.

Aynan Orban yutqazdi

Vengriyadagi saylovni butun dunyoda katta qiziqish bilan kuzatishdi. Markaziy Yevropadagi Vengriya dunyo siyosati yoki iqtisodi uchun favqulodda muhim davlat emas. Bu davlatni kim boshqarishi amalda dunyoda hech nimani o‘zgartirmaydi. Ko‘pchilik bu davlat haqida yetarli tushunchaga ham ega emas, chunki mojarlar hech kimga o‘xshamaydigan millat.

Bu saylovni butun dunyoda Vengriyaning keyingi rahbari kim bo‘ladi, «parlamentda qaysi partiya konstitutsion ko‘pchilikka ega bo‘ladi: «Fides»mi yoki «Tisa»mi, deb emas, Orban yutadimi yoki yutqazadimi, deb kuzatishdi. Dunyo siyosati uchun Vengriya bosh vaziri kimligi umuman qiziq emas, lekin Ukraina uchun ajratilgan yordam paketlarini bloklaydigan, Trampning yoqimtoyi, Putin bilan qalin Orban bundan keyin ham shunaqa kuchga ega bo‘lish-bo‘lmasligi – muhim.

Ko‘pchilik Orban davlatni 16 yildan beri boshqarib kelayotganini ham bilmaydi, chunki bu familiyani Ukrainada urush boshlangachgina tez-tez eshitadigan bo‘lib qolishdi. Shunday ekan, Vengriyadagi saylovlar tashqi dunyo uchun shunday ma’no ifodalaydi: Viktor Orban yutqazdi, endi unda Yevropa Ittifoqida Rossiyaning tarafini oladigan, Trampning shaxsan qo‘lloviga ega bo‘lib harakat qiladigan kuch yo‘q.

Tramp bejizga saylov arafasida hukumatdagi ikkinchi odam Jyey Di Vensni ishdan qoldirib Budapeshtga, Orbanni qo‘llagani yubormadi. Orban Tramp g‘oyalariga mos tushadigan Yevropa Ittifoqidagi yagona lider edi. Butun Yevropa Trampga qarshi borayotgan, uning Eronda boshlagan urushini qoralayotgan vaqtda Orban Trampni maqtashdan charchamadi va evaziga butun boshli Amerika vitse-prezidentining tashrifidek ulkan qo‘llov oldi. Lekin baribir yengildi. Futbol tilida aytganda – hakam yordam bergan o‘yinni ham yutolmadi.

Bu saylov amalda Trampchilik va ozod Yevropa o‘rtasidagi kurashga aylanib ketdi, mana shu edi asosiy intriga! Shu sabab Orbanning mag‘lubiyatini Yevropada xursandchilik bilan qarshilashdi. Tramp bugun bir davlatda kimnidir qo‘llab hukumatda olib qololsa, ertaga boshqa Yevropa davlatida hukumatni o‘zgartirishga intilmasligiga hech kim kafolat berolmasdi. Mojarlar qaysidir ma’noda «birinchi domino qulashini» to‘xtatib qolishdi. Bu uchun Yevropa ulardan minnatdor bo‘lsa arziydi.

Orbanning mag‘lubiyati Trampchilar uchun kuchli zarba bo‘ldi, bu mag‘lubiyat boshqa mag‘lubiyatlar debochasi bo‘lishi mumkinligidan xavotirga tushishdi. Va bu saylovning haqiqiy g‘oliblari Vengriyada demokratik jamiyat qura olgan venger xalqidir. Rossiya va Amerika bir odamni qo‘llashi ham ularning fikrini o‘zgartira olmadi. Yashasin demokratik jamiyatlar...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid