Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Viktor Orban Yevroittifoq ichidagi eng katta chayqovchi edi” - siyosatshunos
“Yevroittifoq yetakchilari hammasi xursand: xudoga shukr, Vengriya o‘zimizga qaytdi, deyishyapti. Saylov o‘tishi bilanoq Budapeshtning Ukrainaga yordam masalasidagi pozitsiyasi darhol o‘zgardi”, deydi Kamoliddin Rabbimov. Farhod Karimovning qayd etishicha, tashqi siyosiy vektor o‘zgarishi aniq, lekin Orbanning 16 yillik hokimiyatidan keyin boshqaruv bir zumda o‘zgarib qolishini kutish yaramaydi.
Vengriyada 16 yil hokimiyatda bo‘lgan Viktor Orban saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi va muxolifat yetakchisi Peter Madyar g‘alaba qozondi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida ishtirok etgan siyosatshunoslarga ko‘ra, u Orban davridagi tashqi siyosatdan asta-sekin uzoqlashishi kutilmoqda. Madyar u Yevroittifoq bilan yaqinlashadi, shu bilan birga, Rossiya bilan iqtisodiy manfaatli aloqalar ham transformatsiyaga uchraydi.
Yangi yetakchi Ukraina uchun moliyaviy yordamni bloklamasligini e’lon qilib ulgurdi.
“Orban qurgan tizimni o‘zgartirish tez bo‘lmaydi, buning uchun hatto referendumlar talab etilishi mumkin”
Farhod Karimov:
— Peter Madyar saylovoldi chiqishlari va dasturida saylovchilar e’tiborini asosan Viktor Orban olib borgan ichki va tashqi siyosatni tanqid qilish orqali qozondi. Aynan shu tanqidiy yondashuv unga saylovda g‘alaba keltirdi. Shunday ekan, u kelgusida ham shu yo‘nalishni davom ettirishi kutiladi.
Vengriyada ichki va tashqi siyosatda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, biroq bu jarayon tez kechmaydi. Sababi – Orban 16 yil davomida davlat tizimini ancha mustahkamlab ulgurgan. Uni o‘zgartirish uchun konstitutsion islohotlar, hatto referendumlar talab etilishi mumkin. Shuningdek, Orban shakllantirgan boshqaruv shakli, kadrlar tizimi, harbiy va moliyaviy institutlar hanuz o‘z ta’sirini saqlab qoladi.
Shu bois Madyar hokimiyatga kelishi bilan bu tizimni qisqa muddatda tubdan o‘zgartira olmaydi. Ammo siyosiy pozitsiyalarda ma’lum o‘zgarishlar kuzatiladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv, Ukraina masalasida muvozanatliroq yondashuv hamda moliyaviy majburiyatlar bo‘yicha pozitsiyaning qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoli mavjud.
Madyar saylovoldi chiqishlarida aynan shu yo‘nalishni bir necha bor ta’kidlab, Vengriya siyosatini G‘arb tomon burishga intilishini bildirgan edi. Biroq bu o‘zgarishlar birdaniga yuz bermaydi, buning uchun kamida bir necha yil talab etiladi.
Agar shu vaqt oralig‘ida Ukraina mojarosi hal etilsa, Vengriyaning Rossiya bilan iqtisodiy hamkorligi saqlanib qolishi mumkin. Chunki bu aloqalar nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy manfaatlarga ham asoslangan. Shunday bo‘lsa-da, umumiy tashqi siyosiy yo‘nalish bosqichma-bosqich G‘arb tomon siljishi kutiladi.
“Saylovchilar yangilanish tarafdori bo‘lib chiqdi”
Kamoliddin Rabbimov:
— Viktor Orban uzoq vaqt davomida Yevropa Ittifoqi ichidagi eng katta chayqovchi edi. U ko‘pincha umumiy qarorlarni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilib, o‘z manfaatlarini ilgari surib kelgan.
Orban tashqi siyosatda muvozanatli, lekin manfaatdor yo‘l tutdi. Xususan, Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarni saqlab, Rossiyadan gaz va neftni arzon narxlarda olishga erishdi. Shu sababli Vengriya uzoq vaqt davomida boshqa Yevropa davlatlariga nisbatan arzon energiya resurslariga ega chiqdi, bu mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirdi.
Endilikda esa Peter Madyar hokimiyatga kelishi bilan bu siyosiy yo‘nalish tubdan o‘zgarishi kutilmoqda. Agar Orban davrida siyosat bir tomondan Donald Tramp, ikkinchi tomondan Putin tomon muvozanatlangan bo‘lsa, Madyar davrida asosiy e’tibor Bryusselga qaratiladi. Bu bejiz emas – Madyar Yevropa institutlarida ishlagan va Yevropa byurokratik tizimini yaxshi biladi.
Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi rahbarlari Vengriyadagi saylov natijasidan xursand. “Xudoga shukr, Vengriyaga o‘zimizga qaytdi”, deyishyapti.
Orban davrida Vengriya YeIdagi ko‘plab tashabbuslarga, jumladan, Ukrainaga ajratiladigan katta miqdordagi moliyaviy yordamga qarshi chiqib kelgan edi. Masalan, milliardlab yevrolik yordam paketlari bo‘yicha Budapesht uzoq vaqt davomida “bir tiyin ham bermaymiz” degan pozitsiyada turdi. Biroq saylovlardan so‘ng Madyar bu masalada keskin burilish yasab, Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu Vengriya tashqi siyosatida jiddiy o‘zgarish boshlanganini anglatadi.
Vengriya – parlamentar boshqaruvga asoslangan davlat. Parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan partiya hukumatni shakllantiradi. Madyar yetakchiligidagi siyosiy kuch parlamentda mutlaq ustunlikka erishdi, bu – nafaqat hukumatni barqaror boshqarish, balki zarurat tug‘ilganda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar kiritish imkonini ham beradi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Orbanning asosiy siyosiy argumentlaridan biri – Ukraina masalasi edi. U doim bu mavzuni ichki siyosatda olabo‘ji qilib ko‘rsatib kelgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu ritorika samarasini yo‘qota boshladi va jamiyatda charchoq kayfiyati yuzaga keldi. Natijada saylovchilar yangilanish tarafdori bo‘lib chiqdi.
To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
22:47 / 14.04.2026
Orban yutqazdi. Tramp, Putin va Netanyahuning qo‘lloviga qaramay
11:15 / 14.04.2026
🔴 LIVE: AQShning Eron blokadasi: bu vaqtinchalik taktikami yo uzoq muddatli qamal? | “Geosiyosat”
09:48 / 14.04.2026
Madyar: Vengriya Ukraina uchun 90 mlrd yevroni bloklamaydi
22:02 / 13.04.2026