Jamiyat | 10:16
1505
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos bo‘lgan, o‘zbek pazandachilik san’atining durdonasi bo‘lmish Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Adliya vazirligi xabariga ilova qilingan surat

Tarixiy va etnografik manbalarga ko‘ra, Toshkent vohasida palov tayyorlash madaniyati asrlar davomida shakllangan. To‘y oshi asosan tong saharda, qalin devorli cho‘yan qozonlarda pishiriladi.

Vazirlikning qayd etishicha, geografik ko‘rsatkich maqomi – Toshkent to‘y oshining nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi.

“Toshkent to‘y oshi – ajdodlar merosi, milliy qadriyatlar va xalq ruhining yorqin ifodasi bo‘lib, bugun gastronomik turizmni rivojlantirish hamda milliy brendni xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda”, – deyiladi adliya axborotida.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obektidir.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid