Jahon | 09:53 / 16.04.2026
4744
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati Eron bilan urushni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiyani rad etdi

AQSh Kongressi Senati prezident Donald Tramp ma’muriyatini Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishga va Kongress kuch ishlatishni rasman ma’qullamaguniga qadar amerikalik harbiylarni mojaro hududidan olib chiqishga majburlashni nazarda tutgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi.

Foto: picture alliance

Demokratik partiya vakillari tashabbusi bilan ilgari surilgan ushbu hujjat uchun 47 nafar senator ovoz bergan bo‘lsa, 52 nafar senator qarshi chiqqan. Associated Press xabar qilishicha, Kongress yuqori palatasida hozirda Respublikachilar partiyasi nazoratni saqlab turibdi va bu ovoz berish natijasiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Rezolyutsiya mualliflari bo‘lgan demokrat senatorlar Eronga qarshi harbiy kampaniya noqonuniy ekani va u yetarli huquqiy asosga ega emasligini ta’kidlamoqda. Ular mojaro tugamagunicha bu kabi tashabbuslarni Senat muhokamasiga qayta-qayta olib chiqish niyatida ekanini bildirgan.

AP qayd etishicha, bu 2026 yil boshidan buyon Senat prezidentning harbiy qarorlarini cheklashga qaratilgan tashabbusni to‘rtinchi bor rad etishi bo‘ldi. Bu orqali Senat amalda urush va harbiy vakolatlar masalasidagi konstitutsiyaviy ta’sirini prezident foydasiga cheklab kelayotgani aytilmoqda.

1973 yilda qabul qilingan Harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Kongress harbiy harakatlar boshlanganidan keyin 60 kun ichida urush e’lon qilishi yoki kuch ishlatishga rasmiy ruxsat berishi kerak. Xabarlarga ko‘ra, bu muddat aprel oyi oxiriga borib tugaydi, ammo qonun uni yana 30 kungacha uzaytirish imkonini ham beradi.

Qonunchilik organida ayrim senatorlar Tramp ma’muriyati yaqin kunlarda mojaroni tartibga solish va keskinlikni pasaytirish bo‘yicha batafsilroq reja taqdim etishini kutayotganini bildirgan. Shu bilan birga, AQSh OAV ta’kidlashicha, qurolli kuchlardan foydalanish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda Kongressning o‘rni ichki siyosiy kun tartibidagi eng bahsli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid