O‘zbekiston | 10:15
1202
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 9 kg opiy musodara qilindi

DXX va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Xorazm viloyatida qariyb 9 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasi noqonuniy aylanmadan olindi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ikki holatda yirik miqdordagi narkotik moddalar aniqlandi.

Xususan, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam narkojinoyat uchun sudlangan shaxs Urganch tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonidan 4 kg 407 gramm “opiy” moddasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, “Beruniy–Urganch” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” avtomashinasi Urganch tumanidagi “Cholish” YPX maskanida to‘xtatilib tekshirildi. Unda ketayotgan, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan shaxsga tegishli 4 kg 541 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum qilinishicha, har ikki holatda ham gumonlanuvchilar Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalarni Xorazm viloyati hududida sotishni rejalashtirishgan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan bunday holatlarga befarq bo‘lmaslik va DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berish so‘raldi. Shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi kafolatlanishi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid