Jahon | 16:37
2873
5 daqiqa o‘qiladi

«Agressiv ohang yuqorilamoqda» - siyosatshunos Putinning yangi qonuni haqida

Foto: kremlin.ru

Rossiya tashqarida «bosimga uchragan fuqarolarini himoya qilish» bahonasi bilan agressiya siyosatini yangilamoqchi;

Bu xalqaro qonunchilikka zid norma. Ammo dunyo allaqachon xalqaro huquqdan yuz o‘girib bo‘ldi;

«Do‘st bo‘lmagan davlatlarga navbatdagi signal».

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Rossiya Davlat dumasi prezidentga rossiyaliklarga «tazyiq o‘tkazilayotgan» mamlakatlarga qo‘shin kiritish vakolatini beruvchi qonun loyihasi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

 Rossiya Davlat dumasi prezidentga rossiyaliklarga «tazyiq o‘tkazilayotgan» mamlakatlarga qo‘shin kiritish vakolatini beruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu hujjat amalda Vladimir Putinga xorijiy davlatlarga qarshi harbiy amaliyotlar boshlash huquqini qonuniy jihatdan mustahkamlab beradi. Kamoliddin Rabbimov qonun loyihasi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.

Rossiya Federatsiyasida yangi qonun qabul qilinmoqda. Qonun mazmuniga ko‘ra, agar boshqa davlatlarda Rossiyaning bir yoki bir necha fuqarolari qamoqqa olinadigan bo‘lsa va Rossiya davlatchiligi bu qamoqqa olishni nomaqbul, noqonuniy, qabul qilib bo‘lmas deb hisoblasa, mana shu shaxsni yoki rossiyalik fuqarolarni qutqarish uchun Rossiya (o‘sha davlatga) kuch ishlatishi mumkin.

Birinchidan, qonun tashabbuskori Rossiya hukumatining o‘zi, biror partiya emas. Qolaversa, bugun Davlat Dumasida hokimiyat partiyasi Yedinaya Rossiya asosiy joylarni egallagan.

Bu xalqaro qonunchilikka ko‘ra mutlaqo zid keladigan norma. Ya’ni boshqa davlatlarning suvereniteti bor, hududiy yaxlitligi bor va xalqaro o‘zaro nizolarni hal qilish mexanizmlari bor. Lekin Rossiya «men qudratli davlatman, men kuch ishlata olaman va mana shu fonda, xoh u Amerika bo‘lsin, xoh boshqa davlatlar, xalqaro qonunchilikni mensimay turgan paytda men ham o‘zimga shunday ruxsat beraman», demoqda.

Uchinchi va asosiy masala Rossiyaning asosiy maqsadi — bu qo‘shni davlatlarga o‘zining qora ro‘yxati borligini, Rossiyaga yashirincha yoki oshkora dushman bo‘lgan davlatlar, aniqrog‘i do‘st bo‘lmagan davlatlarga signal berish. Bu bilan Rossiya bir vaqtning o‘zida ichki siyosatda hokimiyat legitimligini, agressiv, shovinistik va imperialist ekanini ko‘rsatmoqchi. Aniqrog‘i «bundan keyin xalqaro huquq ishlamaydi, agar bizning imkoniyatimiz va kuchimiz yetadigan bo‘lsa, aytaylik, Boltiqbo‘yi davlatlarida yoki Moldovada yoki possovet hududining boshqa bir davlatida Rossiya uchun qimmatli bo‘lgan va qonunni o‘sha davlatlarda buzgan shaxslar qamoqqa olinadigan bo‘lsa, biz kuch ishlatish huquqini saqlab qolamiz va kuch ishlatish bilan tahdid qilamiz, siyosiy, geosiyosiy bosim qilamiz» demoqchi.

Bundan tashqari tashqi masalalarda Rossiya o‘ziga nisbatan zaif bo‘lgan davlatlarga bosim mexanizmlarini shakllantiryapti. Ikkinchidan, Rossiyaning qonunchiligi aynan fuqarolar masalasida juda ham keng va chalkash. Rossiyada bir so‘z bor — «sootechestvenniki». Bu deyarli fuqarolik institutiga, fuqarolik darajasiga tenglashtirilgan.

Yana bir masala — kimdir qamoqqa olingan bo‘lsa, Rossiya juda ham ko‘plab marta kuzatilgan, tezda o‘sha shaxsga biryoqlama, uning arizasisiz ham fuqarolik bergan holatlari bo‘lgan. Misol uchun, ko‘p yillar davomida, ayniqsa, keyingi besh-yetti yil mobaynida Qozog‘iston shimolida yashagan etnik ruslar separatizmni qo‘llab-quvvatlagan va ma’lum bir hududlar Rossiyaga qo‘shilishi kerak degan faoliyatni olib borgan shaxslarga Rossiya biryoqlama fuqarolik bergan holatlari kuzatilgan.

Hatto ularga boshpana ham berdi. Bu bilan Rossiya o‘zining ta’bir qilib bo‘lmas, agressiv ohangini yuqoriroq bir darajaga olib chiqyapti va avvalambor possovet hududi davlatlariga qo‘shimcha bosim qilish, psixologik, siyosiy va geosiyosiy bosim qilish mexanizmini yuqoriroq bir darajaga olib chiqyapti.

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid