Jahon | 09:55 / 17.04.2026
4160
3 daqiqa o‘qiladi

Lev XIV “dunyoni vayronaga aylantirayotgan zolimlar”ni keskin qoraladi

Rim papasi Lev XIV Kamerunga tashrifi chog‘ida, uning so‘zlariga ko‘ra, “dindan va Xudoning nomidan harbiy, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanayotganlar”ni tanqid qildi.

Foto: Guglielmo Mangiapane/REUTERS

Rim papasi Lev XIV Kamerunga tashrifi davomida, uning ta’kidlashicha, ekspluatatsiya va urushlar orqali dunyoni “vayron qilayotgan” “bir hovuch zolimlar”ni keskin qoraladi. “Tinchlik yaratuvchilar baxtlidir, — dedi pontifik 16 aprel, payshanba kuni Bamenda shahridagi Avliyo Iosif soborida qilgan chiqishida. — Ammo dindan va Xudoning nomidan harbiy, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanib, muqaddas narsalarni zulmat va qabohatga botirayotganlarning holiga voy. Bu ostin-ustun bo‘lgan dunyo, Xudo yaratgan olamni ekspluatatsiya qilishdir, buni har bir halol va vijdonli inson qoralashi va rad etishi kerak”.

11 aprel kuni butun dunyo tinchligi uchun o‘tkazilgan ibodat marosimida Lev XIV — Rim papasi bo‘lgan birinchi amerikalik — urishayotgan davlatlar yetakchilarini to‘xtashga va “qayta qurollanish rejalashtiriladigan, halokatli harakatlar haqida qarorlar qabul qilinadigan stol atrofiga emas, muzokaralar stoli atrofiga o‘tirish”ga chaqirgan edi.

Uning bu chaqiriqlariga javoban AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasida pontifikni tashqi siyosat masalalarida “dahshatli” deb atab, shunday yozdi: “AQSh prezidentini tanqid qiladigan papa kerak emas, chunki men aynan meni saylaganlari uchun bajarayotgan ishimni qilyapman”.

Rim-katolik cherkovi rahbari esa, o‘z navbatida, Vatikanning tinchlik va yarashuvga chaqiriqlari Injilga asoslanishini va u AQShning amaldagi ma’muriyatidan qo‘rqmasligini tushuntirdi. Pontifik o‘zining umumiy tinchlik chaqiriqlari va “hamma narsaga qodirlik illyuziyasi” tanqidi bilan Tramp yoki boshqa birovga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bermayotganini ta’kidladi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Lev XIVni qo‘llab-quvvatlab, shunday dedi: “Rostini aytsam, diniy yetakchilar siyosiy rahbarlar aytganini qiladigan jamiyatda o‘zimni juda noqulay his qilardim”. Shundan so‘ng Tramp Melonini keskin tanqid qildi. Ilgari u Italiya bosh vaziri haqida bir necha bor iliq fikrlar bildirgan edi.

Rim papasi 13 aprel kuni Afrika mamlakatlari bo‘ylab 11 kunlik safarini boshladi. Pontifik safarining birinchi manzili Jazoir bo‘ldi — bu mamlakatda 48 million aholiga atigi 9000 nafarga yaqin katolik to‘g‘ri keladi. Bu yerda papa Katolik cherkovining asoschilaridan biri bo‘lgan Avgustin va’z qilgan qadimiy Gippon shahri xarobalarini ziyorat qildi.

Jazoir va Kamerundan keyin Lev XIV Angola hamda Ekvatorial Gvineyaga borishni rejalashtirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid