O‘zbekiston | 19:23
4869
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Sindorovga «Mehnat shuhrati» ordenini shaxsan topshirdi

Javohir Sindorov sharafiga tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorovni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident marosimda so‘zga chiqib, Javohir Sindorovni mazkur tarixiy zafar bilan yana bir bor samimiy qutladi. Bu butun xalqimizning, Yangi O‘zbekistonning g‘alabasi ekanini ta’kidladi.

«Albatta, hech bir natija o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning zamirida uzoq yillik tinimsiz mehnat, bolalikdan orttirilgan tajriba,  qat’iy iroda, temir intizom, va, albatta, ustoz va murabbiylarning sabog‘i, ota-ona, bobo va buvijonlarning duosi mujassam. Fursatdan foydalanib, mana shunday o‘zbek o‘g‘lonini tarbiyalab, voyaga yetkazgan bobong va buvingga, ota-onanga, ustoz va murabbiylaringga yana bir bor o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman», - dedi davlat rahbari.

Javohir Sindorov turnir davomida shaxmat taxtasi ustida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan mustahkam iroda, o‘ziga ishonch, chuqur tafakkur va sabr-bardoshni namoyon etgani qayd etilgan. Ayniqsa, Hindiston, AQSh, Xitoy, Niderlandiya, Germaniya va Rossiya vakillari bo‘lgan super grossmeysterlarga qarshi bosiqlik va mardonavorlik bilan kurash olib borgani alohida e’tirof etilgan.

«Davlat rahbari Javohir Sindorovning bu yuksak yutug‘i mamlakatimizda sportga, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekanini ta’kidladi. Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shunday g‘olib, mard va matonatli yoshlar kamol topayotgani barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, bugun FIDE reytingidagi eng kuchli besh shaxmatchidan ikki nafari o‘zbek o‘g‘loni ekani milliy shaxmat maktabimizning salohiyati va nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolat beradi. Bularning barchasi minglab iste’dodli yoshlarimiz, umidli shaxmatchilarimiz uchun katta motiavsiya bo‘lishi ta’kidlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Marosimda Javohir Sindorov oldida turgan navbatdagi yuksak marralar haqida ham so‘z yuritildi. Uning jahon shaxmat toji uchun bo‘ladigan hal qiluvchi bellashuvda munosib ishtirok etishiga, o‘zbek shaxmat maktabining salohiyati va shon-shuhratini yana bir bor butun dunyoga namoyon etishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, bu yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasida ham xalqimiz g‘alaba kutayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini targ‘ib etish, navqiron avlod qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda o‘tkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar ko‘rsatib, muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun Javohir Sindorov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangani to‘g‘risidagi Prezident farmoni o‘qib eshittirildi.

Davlat rahbari ushbu yuksak mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

Grossmeyster yoshlarga, sport rivojiga qaratilayotgan doimiy e’tibor va yaratilayotgan keng sharoitlar, ko‘rsatilgan yuksak ishonch hamda e’tirof uchun prezidentga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid