Jahon | 08:02
8527
5 daqiqa o‘qiladi

Aholi soni o‘sishi bo‘yicha yetakchi davlatlar ma’lum bo‘ldi

2000 yildan 2025 yilgacha dunyo aholisi ikki milliarddan ortiq kishiga ko‘paydi, biroq o‘sish sur’atlari mamlakatlar kesimida sezilarli darajada farq qildi.

2000 yildan beri aholi soni eng ko‘p oshgan davlatlar: mamlakatlar reytingi / © Visual Capitalist


Yangi infografika Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlari asosida mazkur davrda aholi soni eng yuqori sur’atlarda o‘sgan davlatlarni — ham foiz hisobida, ham qo‘shilgan aholi soni bo‘yicha taqqoslaydi.

Agar nisbiy ko‘rsatkichlarda Fors ko‘rfazidagi kichik davlatlar yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, mutlaq raqamlarda eng katta o‘sishni Hindiston, Nigeriya va Pokiston kabi davlatlar ta’minladi. Bu nisbiy o‘sish bilan uning haqiqiy ko‘lami o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatadi.

Ma’lumotlar muhim bir tafovutni ochib beradi: aholi o‘sish sur’ati foizlarda eng yuqori bo‘lgan davlatlar, odatda, kichik iqtisodiyotlar hisoblanadi, eng ko‘p aholi qo‘shilgan davlatlar esa allaqachon dunyodagi eng seraholi mamlakatlar qatoriga kiradi. Shu fonda Hindiston aholisining o‘sishi o‘z ko‘lami bilan alohida ajralib turadi.

25 yil ichida mamlakat aholisi 406 million kishiga ko‘paydi — bu AQShning butun aholisidan ham ko‘proq. Bu esa mazkur o‘sishni zamonaviy tarixdagi eng yirik demografik o‘sishga aylantirdi.

Bu 2000 yildayoq aholisi bir milliarddan oshgan mamlakat uchun o‘sha davr darajasiga nisbatan 38 foizlik o‘sishni anglatadi. 2023 yilda Hindiston Xitoyni ortda qoldirib, Yer yuzidagi aholisi eng ko‘p davlatga aylandi va yaqin kelajakda bu maqomni yo‘qotishi ehtimoli juda kam.

Bugungi kunda sayyoradagi deyarli har beshinchi inson Hindistonda yashaydi, holbuki mamlakat dunyo quruqlik hududining atigi taxminan 2,5 foizini egallaydi. Bu demografik sakrash Hindistonni kuzatuvlar tarixi davomidagi eng seraholi davlatga aylantirdi.

So‘nggi yillarda Janubiy Osiyodagi ushbu davlatda aholi o‘sish sur’ati sekinlasha boshladi, bu esa xavotir uyg‘otmoqda: mamlakat kutilganidan ertaroq demografik pasayishga duch kelishi mumkin. Bunday holat oldin Xitoyda kuzatilgan edi.

Garchi aholi umumiy o‘sishi bo‘yicha Osiyo yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, eng yuqori o‘sish sur’atlari Fors ko‘rfazi davlatlarida jamlangan.

2005 yildan 2025 yilgacha Bahrayn (154 foiz), Kuvayt (139 foiz) va Birlashgan Arab Amirliklari (250 foiz) kabi mamlakatlar dunyodagi eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlaridan birini namoyon etdi. Mutlaq yetakchi esa Qatar bo‘ldi: 2000 yildan beri bu mamlakat aholisi 423 foizga oshgan.

Ko‘rfaz davlatlarida aholi sonining shiddat bilan o‘sishi ko‘p jihatdan qurilish loyihalari va energetika sektori uchun zarur bo‘lgan chet el ishchi kuchining oqimi bilan izohlanadi. Bugungi kunda Qatar aholisining 15 foizidan kamrog‘ini mamlakat fuqarolari tashkil etadi, aholining asosiy qismi esa, asosan, Janubiy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlaridan iborat.

Afrika asta-sekin dunyodagi asosiy demografik o‘sish markaziga aylanmoqda. Eng yuqori aholi o‘sish sur’atiga ega davlatlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i aynan shu qit’ada joylashgan bo‘lib, ularning ayrimlarida 2000 yildan buyon aholi soni allaqachon ikki baravarga yetgan.

O‘sish, yuqori tug‘ilish darajasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, umr ko‘rish davomiyligining ortishi va bolalar o‘limi kamayishi hisobiga ta’minlanmoqda. Kutilishicha, 2038 yilga borib Afrika aholisi ikki milliard kishidan oshadi, ayrim hududlarda esa XXI asr davomida aholi soni besh baravardan ham ko‘proq o‘sishi mumkin.

Shunday hududlardan biri — G‘arbiy Afrika. Hozirning o‘zida bu yerda 400 milliondan ortiq aholi yashaydi, ularning taxminan yarmi Nigeriya hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaqin o‘n yilliklarda ushbu mintaqa dunyodagi aholi eng zich yashaydigan hududlardan biriga aylanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid