Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozida NATO yordamidan voz kechdi
AQSh prezidenti NATOning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yordam taklifini rad etganini ma’lum qildi va alyansni yana “qog‘ozdagi yo‘lbars” deb atadi. «Men ularga uzoqroq turishni aytdim», - deb yozdi Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Tramp NATO bo‘yicha hamkorlarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat yuzasidan yordam taklifini rad etdi.
«Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat barqarorlashganidan keyin, menga NATOdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ular bizga yordam kerakmi, deb so‘radi. Men ularga, agar kemaga faqat neft yuklashni istamasa, uzoqroq turishini aytdim. Ular kerak bo‘lgan paytda foydasiz edi — qog‘ozdagi yo‘lbarslar!» — deb yozdi Tramp 17 aprel, juma kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Fransiya va Buyuk Britaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p millatli missiyaga «sharoit imkon berishi bilanoq» boshchilik qiladi. Bu haqda 17 aprel kuni Parijda o‘tkazilgan, dengiz yo‘lagining xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ma’lum qildi.
«Bu missiya mutlaqo tinch va mudofaa xususiyatiga ega bo‘ladi hamda tijoriy kemachilik xavfsizligini ta’minlash va minasizlantirish ishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi», — dedi Starmer Yelisey saroyida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, «allaqachon o‘ndan ortiq davlat o‘z yordamini taklif qilgan».
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi operatsiyada ishtirok etishga tayyorligini Germaniya kansleri Fridrix Mers ham bildirgan. Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbarining aytishicha, qo‘shinlarni joylashtirish uchun Yaqin Sharqdagi urush tugashi va ishonchli huquqiy asos, masalan, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bo‘lishi shart. Bundan tashqari, ushbu missiyada AQSh ishtirok etishi ham «maqsadga muvofiq», deb qo‘shimcha qildi u.
Parijda Yaqin Sharq bo‘yicha konferensiya davom etayotgan bir paytda, Donald Tramp va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Livanda o‘t ochishni to‘xtatish davrida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining tijoriy kemalar uchun ochilganini e’lon qildi. Shu bilan birga, Tramp Tehron bilan kelishuv tuzilmaguncha, Eron portlariga qarshi Amerika blokadasi davom etishini bildirdi.
Bundan bir kun oldin Donald Tramp Isroil va Livan 17 aprel yarim tundan boshlab 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qilgan edi. Biroq juma kuni ertalab Livan armiyasi Isroilni sulh rejimiga rioya qilmaslikda aybladi, Isroil rasmiylari esa “Hizbulloh”ga qarshi harbiy operatsiya davom etayotganini bildirdi.
Mavzuga oid
22:12 / 17.04.2026
Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilganiga qaramay, Eron portlari blokadasi saqlanib qolishini aytdi
19:30 / 17.04.2026
AQShning Ho‘rmuz blokadasi ish beradimi? Trampning maqsadi nima?
18:23 / 17.04.2026
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini barcha savdo kemalari uchun ochganini e’lon qildi
10:10 / 16.04.2026